— O`g`lim 28 yosh. 5 yil avval o`zi ko`ngil qo`ygan qizga uylantirib qo`ydim. Ammo kelinim bilan kelisholmay ajrashib ketishdi. U yolg`iz qiz bo`lgani uchun juda erka, tantiq o`sgan. Ko`ngliga kelgan narsani muhayyo qilmasang, darrov arazlab olardi. Tongda hech kimga bir so`z demay otasinikiga chiqib ketib, shomda kirib kelardi. O`g`lim bir gapirdi, ikki gapirdi. Hatto o`z onasi ham tantiq qizini yo`lga sololmagach, o`rtada farzand borligiga ham qarab o`tirmay aloqalarni uzdi. Mana, ajrashishganiga ham ikki yil bo`ldi, lekin bolam qayta oila qurishni istamayapti. «Xohlasang, xotining bilan yarash, bo`lmasa boshqa qiznikiga sovchilikka boray», desam ham, hech unamayapti. O`zimga qolsa, kelinim bilan yashagani yaxshi edi. Axir ming qilsa ham, ko`z ochib ko`rgani-da. Bu quloqsiz bolamga uylanishi lozimligini uqtirolmayapman. Umr esa o`tib borayapti. Maslahat bering, nima qilay?
Iroda, 54 yosh, Buxoro viloyati
Qaynonajon: — Singiljonim, endi biroz o`g`ilni o`z holiga qo`ying. U zada bo`lganga o`xshaydi. Bolasiga ichi achiydi, biroq orqaga yo`l yo`qligidan eziladi. Ko`ngliga boshqa birov sig`armidi... Vaqt — hakam! Har dardning davosi ham vaqt. Tergamang, «Qachon uylanasan?» deb gapiravermang. Unga ham oson tutmang. «Istasang, xotining bilan yarashtirib qo`yaman...» deganingiz yaxshi gap. Zora o`tgan ikki yillik ayriliq ularni hushyor torttirgan bo`lsa. Har holda o`rtada farzand bor. Unga o`z onasi, o`z otasi kerak. Imkon qadar oilasini tiklashga harakat qilish lozim. Balki tog`a-amakilar yoki yaqin do`st-jo`ralarini ishga solarsiz. Faqat majburlab emas!
Shahnoza XALILOVA, ruhshunos: — Menimcha, ona sifatidagi xavotirlaringiz o`rinli. To`g`ri, inson boshdan kechirgan omadsiz tajribasidan keyin o`ziga kelib olishi uchun biroz vaqt talab etiladi. Biroq yigit kishi uchun ikki yil keragidan ortiq muxlat, chamamda. Mas`uliyat yuklamaydigan, engil hayot tarziga ko`nikib qolsa, odatiy turmushga qaytishi biroz murakkab kechishi mumkin. Demak, o`g`lingizning istagi vaqtinchalikmi yoki doimiy ekanligiga oydinlik kiritib olish darkor. Muammoni otasi yoki erkak qarindoshlardan biri bilan muhokama qilishiga imkon yarating. Ba`zi hollarda yigitlar «Baribir, hech kim onamning ko`nglini topa olmaydi, yana tushunmovchiliklar avj oladi» degan fikr bilan ham oila qurishni ortga surishadi. Unga oilasini tiklashni yoki boshqa qizlar bilan uchrashishni taklif qilishdan charchamang. Bu vaziyatda vaqtning o`tishi faqat ziyonga ishlaydi.
Saodat OChILOVA yozib oldi.





