O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoev Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvdagi nutqida Poytaxt aholisi tomonidan shaharda madaniyat va istirohat bog`lari etarli emasligi haqida ko`plab e`tirozlar bildirilayotganligini aytib o`tgandi.
Bu boradagi ishlarni yaxshilash maqsadida maxsus dastur ishlab chiqildi. Unga ko`ra, 2017 yilda Toshkent shahrida 8 ta yangi madaniyat va istirohat bog`i barpo etiladi. Ularni joylashtirish uchun Mirzo Ulug`bek, Mirobod, Uchtepa, Sirg`ali, Chilonzor, Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida tegishli er maydonlari ajratib qo`yildi.
Bundan tashqari, Bektemir tumanida, Chirchiq daryosi qirg`og`ida 70 gektar maydonda umumiy qiymati 80 million dollar bo`lgan, dunyodagi eng mashhur “Disneylend” parklaridan qolishmaydigan Markaziy Osiyodagi eng katta zamonaviy attraksionlar bog`i quriladi. Hozirgi paytda mazkur loyihani amalga oshirish yuzasidan Evropaning etakchi park operatorlari bilan muzokaralar olib borilmoqda.





