AQSh polisiyasi restoranga ventilyasiya orqali o`g`rilikka kirmoqchi bo`lib, tiqilib qolgan jinoyatchini qo`lga oldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
Voqea Nyu-York shtatining Rochester shahrida ro`y berdi. Mahalliy aholi ventilyasiya tizimidan eshitilayotgan erkak chinqirig`ini eshitib, polisiyani, polisiya esa erkakni quvurdan chiqarib olish uchun yordamga o`t o`chiruvchilarni chaqirdi.
Mahalliy o`t o`chiruvchilar boshlig`i o`rinbosarining so`zlariga qaraganda, ventilyasiya quvuri restoran oshxonasi tomon torayib borganligi sababli o`g`ri quvurga tiqilib qolgan. U 17 yillik xizmati davomida ilk marotaba bunday voqeaga guvoh bo`layotganligini ma`lum qildi.
Jinoyatchi jiddiy jarohat olmadi, u quvurdan chiqarib olingandan keyin birinchi yordam ko`rsatilib, qamoqqa olindi. U binoga noqonuniy ravishda kirganlikda, bezorilikda va o`g`rilik qurollarini olib yurganlikda ayblandi.





