O`zbekiston Elektron OAV Milliy assosiasiyasi, «Uzbekistan Today» axborot agentligi, «Mening Yurtim»telekanali, «Sevimli-tv.uz» internet-telekanali, «Uzreport-TV» telekanali, «Darakchi inform servis», «O`zbekiston kabel televideniesi», «Poytaxt», «Vodiy sadosi» radiostansiyalari va boshqalar tomonidan tashkil etilgan loyiha — «PressClub: Elections.uz-2016» ijtimoiy-fuqarolik tashabbusi hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi joriy yil 30 noyabrda rasman ochiladigan bu multimedia maydonni texnik jihatdan qo`llab-quvvatlaydi.
“Biz mulk shaklidan qat`iy nazar barcha xorijiy va milliy OAV uchun mutlaqo ochiqmiz. Bu multimedia maydonida ilg`or texnologiyalar jamlangandi: yuqori tezlikdagi internetga ega bo`lgan 80 dan ortiq zamonaviy kompyuterlar o`rnatildi, IT-texnologiya, dizayn va multimedia sohasidagi eng so`nggi yutuqlardan foydalanildi. Bular natijasida ilg`or dunyo standartlariga mos keluvchi klub tashkil etishga muvaffaq bo`lindi. Press-klub wi-fi aloqasi bilan ta`minlangan, mamlakatdagi 10 ta hududiy nodavlat telestudiyalar, EOAVMA studiyalari bilan onlayn-bog`lanish, shuningdek, alohida uzatuvchi telestansiya o`rnatiladigan Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazi bilan bevosita onlayn aloqa yo`lga qo`yildi. Shunday qilib, ko`plab jurnalistlar press-klubda turib, ta`bir joiz bo`lsa, O`zbekiston saylov jarayoni voqealari markazida bo`ladilar», – deb aytdi press-klub rahbari, EOAVMA boshqaruvi raisi, O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov.





