Samarqand shahrida Xalqaro ekologik oromgoh ish boshladi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.
Joriy yilda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari — O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston ekologiya faollari safiga Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyadan kelgan ishtirokchilar qo`shildi.
Tashkilotchilar "Zamin" xalqaro jamoat fondi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, YuNICEF, BMTning Taraqqiyot dasturi hamda Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti.
Tadbirdan ko`zlangan maqsad iqlim o`zgarishiga qarshi kurashda yoshlarning rolini yoritish, yosh ekologik faollarga o`z taklif va tashabbuslarini ilgari surish imkoniyatini berish, mazkur hududlarda yoshlar ekologik harakatining integrasiyalashuviga ko`maklashishdan iborat.
Oromgoh doirasida seminarlar, xalqaro ekspertlar bilan iqlim kun tartibidagi dolzarb mavzular bo`yicha munozaralar bo`lib o`tadi. Shuningdek, SOR-29 ko`rgazmasida mamlakatlar taqdim etishni rejalashtirayotgan loyihalarni ishlab chiqish va muhokama qilish, ularda yosh eko-rahbarlar ishtirok etishi masalalariga e`tibor qaratiladi.
Samarqanddagi "Ipak yo`li" xalqaro turizm va madaniy meros universitetida ishtirokchilarni faol guruh mashg`ulotlari, mahorat darslari va ekologik loyihalar muhokamasi kutmoqda. Toshkent shahrida esa ishtirokchilar ekomaktablar va "Green University"ga tashrif buyurib, ekologiya sohasidagi etakchi mutaxassislarning ma`ruzalarini tinglashadi.
Bundan tashqari, tadbir dasturidan Samarqandning tarixiy diqqatga sazovor joylari — Go`ri Amir maqbarasi, Shohi Zinda majmuasi va Mirzo Ulug`bek rasadxonasiga tashrif ham o`rin olgan.
Tadbir 30 iyunga qadar davom etadi.






