His-tuyg`ularingiz vaqt hamda taqdirning sinovlariga bardosh bera oladimi? Bu savolga to`g`ri javob olish uchun sevishganlarning muhabbatga bo`lgan munosabatlarini aniqlash talab etiladi. Keling, bir urinib ko`ramizmi?!
Bu testni suyganingiz bilan birgalikda echishni tavsiya etamiz. Har ikkingiz bir varaq oq qog`oz va qalam oling. Yoringiz savollarni ovoz chiqarib o`qisa, siz ularning raqami va har birining qarshisiga «ha» yoki «yo`q» deb yozib chiqing. Agar savolga nima deb javob berishni bilmasangiz, so`roq belgisini qo`ying. Aslo bir-biringizni javoblaringiz bilan qiziqmang, ularga izoh bermang yoki talab qilmang! Ana shundagina testning natijasi haqiqiy sanaladi.
- Sizningcha, muhabbat bobida birinchi qadam erkak tomonidan bo`lishi kerakmi?
- Uni xursand etguvchi ishlar (sababsiz kichik hadyalar berish, samimy maqtovlarni aytish)ni tez-tez bajarib turasizmi?
- Atrofingizda boshqa insonlar bo`lganida ham, sevgilingizga mehringizni uyalmay ko`rsata olasizmi?
- Aynan bir-biringiz uchun yaralganingiz hamda sizning juftligingiz ideal ekanligiga ishonchingiz komilmi?
- «Jo`sh urib turgan his-tuyg`ular vaqt o`tishi bilan soviydi va muhabbat shunchaki odiy holatga aylanadi», deb hisoblaysizmi?
- Agar turmush o`rtog`ingiz bilan o`rtangizda muhabbat yo`qolsa, oilani bolalar yoki boshqa biror sabab uchun saqlab qolarmidingiz?
- Yoringizga hislaringizni ochiq-oydin ayta olasizmi, aniqrog`i tez-tez «Seni sevaman!» deb?
- U siz uchun dunyodagi eng aziz inson yoki chin do`stga aylanib ulgurganmi?
- Sevgi formulasini o`zingiz uchun kashf etganmisiz? Uni qanday ekanligini tushuntirish qo`lingizdan keladimi?
- Ko`ngil qo`yganingiz bilan o`rtangizda kechayotgan munosabatlar hayotingizga bevosita ta`sir ko`rsatadimi?
- Sevgilingizni sog`inishdan ko`ra ko`proq rashk qilishingizni tan olasizmi?
- U bilan munosabatdan yoki muomala qilishdan charchagan vaqtlaringiz ham bo`lganmi?
- Sevganingizni shumxabarlar yoki yoqimsiz yangiliklardan asray olasizmi?
- Hayotingiz davomida kimnidir juftingiz kabi ardoqlamaganmisiz? Bu qadar kuchli va samimiy muhabbatga duch kelmaganmisiz?
- Qarashlaringiz turfa xilligidan ba`zan yoringizni o`zga sayyoralik bo`lsa kerak, deb o`ylab qolmaysizmi?
Yo`riqnoma
Endi javoblarga qarab ballarni hisoblaymiz! Juft sonlar qarshisidagi «ha» va toq sonlar qarshisidagi «yo`q» javoblariga 10 balldan beriladi. Agar xuddi shuning aksi bo`lsa, ballingiz 0 bo`ladi. So`roq belgisi qo`yilgan javoblarga 5 ball yozing.
100 balldan yuqori — ROMANTIK. Sizning muhabbatingiz ulkan, sadoqatlisiz. Hislaringizni namoyish etishdan uyalmaysiz. Noxush holatlar yuzaga kelganda tuyg`ularingiz sizga azob berishi ham mumkin. Munosabatlarda mushkulliklar paydo bo`lsa, bu og`riqlarga dosh berolmay qolishingiz ehtimoli yuqori. Ammo buning barchasi muhabbatdan voz kechish uchun vaj bo`la olmaydi. Maslahatimiz, sevgi hayotingizni markaziy nuqtasi bo`lmasin, hislaringiz aqlingiz ustidan hukmron bo`lishiga yo`l qo`ymang!
50-95 ballgacha — REALIST. Shubhasiz, ishq siz uchun muhim, ammo yashash uchun yana boshqa sabablaringiz ham etarli. His-tuyg`ular yuragingizni butunlay egallab olganida ham, hushingizni yo`qotmaysiz. Munosabatlarni buzishi yoki sizga kelajakda zarar keltirishi mumkin bo`lgan ishlarni aslo bajarmaysiz. Siz mag`rursiz, ammo rashkchi emas. Ziyraksiz, biroq shubhalanmaysiz. Tushuna olasiz va sabr qilasiz. Bularning barchasi mustahkam munosabatlarni yaratish uchun asqotadi.
0-45 ballgacha — PROGMATIK. Hayotingizni barcha jabhasida, hattoki, sevgida ham aql bilan ish ko`rasiz. Biror kimga mehringizni ko`rsatishdan avval yaxshilab o`ylab olasiz. Mushohada qilganingizdan so`ng ham «Kel, bir umr birga bo`lamiz!» demaysiz. Aslo! Axir abadiy muhabbat faqatgina kitoblarda bo`lishini yaxshi bilasiz-da! Lekin hayotda hamma narsa bo`lishi mumkin! Galileyning zamondoshlari ham bir vaqtlar Er o`z o`qi atrofida aylanishiga ishonishmagan. Ammo bu ishonchsizlik Erning o`z o`qi atrofida aylanishiga hech qanday to`sqinlik qilmagan.
Kelajakka nazar tashlaymiz!
Xo`sh, qanday juftlikning munosabatlari mustahkam bo`ladi? Bir turga mansublari yoki har xil bo`lganlarnikimi? Aniqlaymiz!
Romantik+romantik
Ularning muhabbati shubhasiz, chiroyli va zavqqa to`la bo`ladi. Ammo uzoq davom etmaslik ehtimoli yuqori. Munosabatlarni saqlab qolish uchun juftlikning vaqti-vaqti bilan osmondan erga tushib turishlariga to`g`ri keladi. Aks holda ularning sevgi qayig`i ro`zg`or tashvishlari yoki rashk qoyalariga urilib, cho`kib ketishi mumkin.
Realist+realist
Omadli juftlik. Munosabatlarini butkul romantikadan holi deb bo`lmaydi. Biroq sevishganlar hayotdagi har bir voqea-hodisaga teran nigoh bilan boqishadi, masalalarni aql bilan echishadi. Bu esa ularning nafaqat oilada, balki hayotda ham bir-birlariga ishonchli hamkor ekanliklaridan dalolatdir. Ularni qanchalik ko`p reja, ish va maqsadlar birlashtirib tursa, nikohlari shunchalik mustahkam bo`ladi.
Progmatik+progmatik
Ular bir-birlarini yaxshi tushunishadi, dunyoqarashlari ham bir xil. Shu boisdan ham munosabatlaridan ko`p narsa kutishmaydi. Hamma narsa hisob-kitob asosida qurilsa, oilada sevgiga joy qolarmikan? Unutmang, «oila qo`rg`oni»ning g`ishtlarini sevgi bilan jipslashtirmasangiz, u mustahkam bo`lmaydi!
Romantik+realist
Bu ikki inson bir-birini to`ldirib turadi. Romantik oilada muhabbat olovining so`nmasligini ta`minlasa, realist turmush so`qmoqlarida duch kelgan muammolarni birgalikda engish uchun yo`l ko`rsatadi. Bu juftlikning umri uzoq bo`lishi shubhasiz.
Romantik+progmatik
Biri qalbiga quloq tutsa, ikkinchichi kalkulyatoriga ishonadi. Romantik oilaviy muhim sanalarda, masalan, to`y kunlarining nechadir yilligida unga osmondagi yulduzni sovg`a qilishlarini kutadi, ammo... uning o`rniga ikkitagina nonni oladi. Yulduzdan ko`ra, oilaga non kerakliroq-da. Umuman olganda, bunday juftlikning taqdiri haqida so`z ochishga ruhshunoslar qiynaladi. Ikkovi ikki xil dunyo-da...
Realist+progmatik
Birga yaxshi yashashadi. Munosabatlari ideal darajada mustahkam deb bo`lmaydi, biroq muammolarni birgalikda enga olishadi. Bunday juftlikni oldinda baxtli hayot kutmoqda, faqat realist progmatikdan zerikib qolmasa. Afsuski, bunday holatni inkor etib bo`lmaydi.
Zilola UBAYDULLAEVA





