Farg`ona viloyati Farg`ona tumanida viloyat asalarichilik ishlab chiqarish o`quv markazi foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bozorlarimizning to`kinligini ta`minlash, aholiga sifatli, arzon va servitamin oziq-ovqat mahsulotlari etkazib berishga xizmat qilayotir. Xususan, asalarichilikni yanada rivojlantirish, sohadagi ilg`or tajribalarni keng ommalashtirishga qaratilayotgan alohida e`tibor yuksak samaralar bermoqda.
Farg`ona viloyatida 1000 dan ortiq asalarichilik sub`ekti ro`yxatga olingan bo`lib, asalari oilalari soni 65 mingtaga etkazildi. Tarmoqni qo`llab-quvvatlash, ichki bozorni arzon, sifatli mahsulot bilan ta`minlashga qaratilayotgan alohida e`tibor shifobaxsh, to`yimli tabiiy ne`mat ishlab chiqarishni kengaytirishda yutuqlar omili bo`lmoqda.
Viloyat asalarichilar uyushmasi qoshida tashkil etilgan ishlab chiqarish o`quv markazida barcha sharoit yaratilgan.
– Markazda ilmiy-tekshiruv laboratoriyasi, trening zallari, ixtisoslashtirilgan kutubxona, elektron arxiv bazasi, shuningdek, asalni qayta ishlash va qadoqlash sexi, tikuvchilik, mum-parda, asbob-uskuna va asalari uyasi ishlab chiqarish sexlari faoliyat yuritmoqda, – deydi viloyat asalarichilar uyushmasi raisi Sherali Suyarqulov. – Bundan tashqari, asalarichilikda naslchilik laboratoriyasi, qariyb 2 gektar eksperimental bog` va asal beruvchi o`simliklarni etishtirishga mo`ljallangan ekin maydoni tashkil etilgan.
Shifokorlarning ta`kidlashicha, asal nafaqat tabiiy to`yimli ozuqa, balki ko`plab kasalliklarni davolashda qo`llaniladigan g`oyat shifobaxsh ne`matdir. Asalni me`yorida iste`mol qilib yurish oshqozon-ichak kasalliklarining oldini oladi, immunitetni kuchaytiradi. Biologik faol moddalarga juda boy bu mahsulot insonning qon bosimini me`yorlashtirish xususiyatiga ham ega. Asalari mumi, elimi (propolis) va suti ham shifobaxsh mahsulot sifatida zamonaviy tibbiyotda keng qo`llaniladi. Farmasevtikada dori-darmon sifatida ishlab chiqarilayotgan ari sutida to`rt turdagi V, E vitamini, aminokislotalar mavjud.
Zamonaviy dastgoh va uskunalar bilan jihozlangan yangi markaz sohani yanada rivojlantirish, yosh mutaxassislarning kollejlarda olgan bilimini amaliyotda mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda Farg`ona viloyati hokimi Sh.G`aniev so`zga chiqdi.





