AsosiyDunyo

Prezident maktab ta`limi sifatini yaxshilash bo`yicha takliflarni ko`rib chiqdi

'Prezident maktab ta`limi sifatini yaxshilash bo`yicha takliflarni ko`rib chiqdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev 26 yanvar kuni maktab ta`limi sifatini yaxshilash chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda 10 ming 284 ta maktab bor. So`nggi yillarda ulardagi sharoitlarni yaxshilash, o`quvchi o`rnini ko`paytirish bo`yicha ko`p ishlar qilindi. Maktablarni yiliga o`rtacha 400 ming o`quvchi bitirayotgan bo`lsa, ularning 170 ming nafari ta`limni davom ettirmoqda. Rivojlangan davlatlarda 50 foizdan ziyod bitiruvchilar professional ta`lim muassasasiga kiradi.

Hozirgacha 208 ta maktabning yuqori sinf o`quvchilariga 3 ta yo`nalish bo`yicha kasbga o`rgatish yo`lga qo`yildi. Chet tilini bilish sertifikatiga ega bo`lgan maktab bitiruvchilari soni oxirgi ikki yilda 6 ming nafardan 18 mingga etdi.

Shu bilan birga,bu ishlarni izchil davom ettirish zarur. Ta`lim sifatini oshirish uzluksiz jarayon.

Taqdimotda shu maqsaddagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Bugungi kunda hududlardagi 500 ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablarning baholash tizimi joriy etilgan. Natijada ilg`or xorijiy tajriba asosida vaziyatni tahlil qilish, muammoni echish, jamoada ishlash kabi amaliy mashg`ulotlar ulushi 60 foizga etkazilgan.

Kelgusi o`quv yiliga qadar ushbu baholash tizimini xalqaro testologiya mezonlariga moslashtirish zarurligi aytildi. Maktablarning o`zi ham akkreditasiyadan o`tkaziladi. Bu xalqaro baholash mezonlarini milliy tizimga joriy qilish, maktablarni boshqarish va ta`lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Pedagoglarning bilim va mahorati masalasiga e`tibor qaratilar ekan, Malaka oshirish markazlari eskicha ishlayotgani, ilmiy salohiyati yuqori emasligi qayd etildi. Shu bois 14 ta hududdagi bunday markazlarni faoliyatini qayta ko`rib chiqish, o`qituvchilarni kasbiy rivojlantirish dasturlarini joriy etish vazifasi qo`yildi.

Maktablarda xorijiy til bo`yicha o`quv dasturlarini takomillashtirish, oliy ta`lim muassasalarining o`quv rejalarini bu bilan uyg`unlashtirish zarur. Xorijiy tilni intensiv tarzda o`rgatish amaliyotini ham kengaytirish lozim.

Ma`lumki, yurtimizda xususiy maktablarga imkoniyat berilgani natijasida ularning soni ko`payib bormoqda. Bu davlat maktablariga yuklamani kamaytirish va sog`lom raqobatga xizmat qilmoqda. Shu bois xususiy maktablar uchun lisenziya talablarini yanada soddalashtirish, kredit, soliq va kommunal to`lovlardan qo`shimcha engilliklar berish bo`yicha takliflar bildirildi.

Mutasaddilarga ta`lim tashkilotlarifaoliyati va ta`lim sifati monitoringi platformasini ishga tushirishga topshiriq berildi.

Yig`ilishda ta`kidlanganidek, ta`limningbarcha bo`g`inlarida islohotlarni yagona konsepsiya asosida amalga oshirish bo`yicha Loyiha ofisi tashkil qilinadi. U bog`cha, maktab, kasbiy hamda oliy ta`limda o`quv standarti va dasturlarini ilg`or tajribalar asosida ishlab chiqishga mas`ul bo`ladi.

Davlatimiz rahbari maktablarfaoliyatida mahalla raisi va faollarining o`rni katta bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

– Mahalladagi muhit,aholi bandligi ko`p jihatdan yoshlar ta`lim-tarbiyasiga bog`liq. Shunday ekan, mahalla raisi ota-onalar bilan birga maktablar hayotida faol qatnashishi, yoshlarning bilimi va kasb egallashiga e`tiborli bo`lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Darhaqiqat, maktab masalasi faqatgina ta`lim sohasining emas, ota-onalar, mahalla faollari, butun jamiyatning ishi. Chunki maktab mamlakat kelajagining zamini. “Bir bolaga etti mahalla ota-ona” degan maqol zamirida ham ayni shu haqiqat mujassam. Shunda ota-onalar ham o`z farzandlari tarbiyasiga yanada e`tiborliroq bo`ladi. Tobora globallashayotgan hozirgi zamonda bu juda muhim.

    Boshqa yangiliklar