Toshkentda so`nggi kunlarda ertalab va kechqurun tuman tushishi kuzatilmoqda. Bu havoning ifloslanishi, chang bilan bog`liq ekani haqida xabarlar tarqalgach, “O`zgidromet” holatga izoh berdi.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekistonda 12 yanvardan 16 yanvargacha yog`ingarchilik bo`lishi kuzatildi, havo namligi 90-100 foiz bo`ldi. Bunday holat esa tuman paydo bo`lishi uchun qulaydir. Yomg`irdan so`ng namlangan tuproq va salbiy havo harorati tuman tushishi uchun qulay sharoitlarni saqlab turadi. Tuman hodisalari atrof-muhit ifloslanishi ko`rsatkichlari yuqoriroq bo`lishiga ham o`z ta`sirini ko`rsatadi.
Toshkentda 16 yanvardan 18 yanvargacha kechasi va ertalabki soatlarda tuman tushishi kuzatildi.
18 yanvar soat 09:00 dagi atmosfera havosi monitoringi avtomatik stansiyalari ma`lumotlariga ko`ra, Toshkent shahrining atmosfera havosidagi PM10 dispersli zarrachalari va Uglerod oksidi CO (avtotransport va sanoat korxonalari chiqindilari) miqdori ruxsat etilgan me`yordan oshmadi. PM2,5 mayda dispersli zarrachalar miqdori esa 44,6 mkg/m3 ni tashkil etib, JSST tavsiyalaridan (5 mkg/m3) 8,9 marta oshdi.
“O`zgidromet” Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi tomonidan atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishini kamaytirish va respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha takliflar kiritilganini eslatib o`tdi.






