AsosiyJamiyat

Adliya organlariga yangi vakolat berilmoqda

'Adliya organlariga yangi vakolat berilmoqda'ning rasmi

Senatning qirq ettinchi yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun muhokama markazida bo`ldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bir qatorda intellektual mulk ob`ektlarining ishonchli huquqiy himoya qilinishini ta`minlashga va sifatli davlat xizmatlarini ko`rsatishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, yurtimizda aholiga professional xizmat ko`rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv apparatini yaratish, aholining huqukiy muammolarini hal etishda adliya organlarining tutgan o`rni va mas`uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining zimmasiga intellektual mulk ob`ektlarini himoya qilish hamda davlat xizmatlarini ko`rsatish sohasida qo`shimcha vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, ushbu sohadagi islohotlarni inobatga olgan holda qonun hujjatlarni yanada takomillashtirish, shu jumladan aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo`llab-quvvatlash maqsadida ayrim toifadagi davlat xizmatlarini ko`rsatishda taqdim etiladigan imtiyozlarni qonun darajasida mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur Qonun amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda ishlab chiqilgan, Intellektual mulk hamda Davlat xizmatlari agentliklarining vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga o`tkazilganligini inobatga olib, vazirlikning vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar ta`kidlaganlaridek, mazkur Qonun bilan Bojxona kodeksiga kiritilayotgan o`zgartirish orqali endilikda eksport rejimida ham intellektual mulkni himoya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to`g`risidagi guvohnomalarni berish muddati qisqartirilmoqda.

Adliya organlariga intellektual mulk hamda davlat xizmatlari ko`rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo`llash vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro`yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo`lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo`llanilishi belgilanmoqda.

Muhokamada Qonunning hayotga tatbiq etilishi davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo`llab-quvvatlashga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishini kuchaytirishga va ushbu sohalarda samarali markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ta`minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma`qulladi.

 

    Boshqa yangiliklar