O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 26 oktyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Erlan Koshanovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Qozog`iston Majlisining raisi davlatimiz rahbariga Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Suhbatda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi. O`zbekiston bilan Qozog`iston o`rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O`zaro tovar ayirboshlash ko`rsatkichlari va qo`shma korxonalar soni barqaror o`sib bormoqda, avtomobilsozlik, to`qimachilik, elektrotexnika, logistika va boshqa tarmoqlarda kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Majlisi o`rtasidagi Parlamentlararo kengashning bugun bo`lib o`tgan birinchi yig`ilishining samarali natijalari alohida qayd etildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni so`zsiz bajarish, hududlar o`rtasidagi hamkorlikni va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida yaqin parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi.
Qonun ijodkorligi faoliyati sohasida, o`z-o`zini boshqarish organlarini rivojlantirish va yoshlarni qo`llab-quvvatlash borasida tajriba almashish, shu jumladan, yosh deputatlar delegasiyalarining tashriflarini tashkil etish hamkorlikning muhim yo`nalishi sifatida belgilab olindi.






