AsosiyJamiyat

DXX turli hududlardan topilgan 9 kg narkotik moddalarni musodara qildi (video)

'DXX turli hududlardan topilgan 9 kg narkotik moddalarni musodara qildi (video)'ning rasmi

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, Xazorasp tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomashina to`xtatilib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Natijada, uning salonida jami 6 bo`lakda 3 kg 982 gr “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxs Tojikistondan keltirilgan ushbu ajal og`usini Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida yashovchi 2 nafar fuqarodan olganligi ma`lum bo`lib, Xazorasp tumanidagi mehmonxonaning ular joylashgan xonasidan sotish uchun mo`ljallangan 1 kg 952 “opiy” moddasi ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu giyohvandlik vositasini sotib olgan vaqtlarida yana 2 nafar xazorasplik narkosavdogarlar ushlandi. 

Buxoro viloyatida qayd etilgan holatda esa G`ijduvon tumanida yashovchi, 1973 va 1975 yillarda tug`ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro Buxoro shahrida 1 kg 224 gr “opiy” moddasini 50 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbirda, Bo`ka tumani hududida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtotransport vositasi to`xtatilib, tekshirildi.

Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Farg`ona viloyatining Bag`dod tumanida yashovchi, 1990 y.t. fuqaro yonida 1 kg 913 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ta`kidlash lozimki, ushbu ajal og`usi tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan  kontrabanda yo`li bilan Toshkent viloyatiga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar