Xabaringiz bora, joriy yilning 20 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti BMT Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi doirasida UNWTO Xalqaro turizm akademiyasining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Akademiyadan maqsad turizm sanoati va iqtisodiyot sohasini rivojlantirishga xizmat qiladigan malakali kadrlar sinfini shakllantirishdan iborat.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, UNWTOga a`zo davlatlar vazirlari va delegasiyalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.
“Samarqand bir vaqtlar Ipak yo`lidagi ilg`or ta`lim va ilm-fan markazi bo`lgan. Yangi O`zbekistonda biz tarix va an`analarimizni qadrlaymiz, sifatli ta`limga alohida e`tibor qaratamiz, turli sohalarda yangi avlod olimlari, yosh etakchilarni tayyorlamoqdamiz. 2018-yilda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Samarqand shahrida “Ipak yo`li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti ochildi, — dedi A.Abduhakimov tadbirda. — Bugun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalqaro turizm akademiyasi ochildi, uning asosiy maqsadi turizm sohasida ta`lim sifatini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishdan iborat”.
Zurab Pololikashvili esa turizmni rivojlantirishda ta`limning ahamiyati va Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasi o`tkazilgan mamlakatda Xalqaro akademiya ochilishini ta`kidladi.
“Akademiyani ochish tashabbusi ilgari surilganidan 9 oy o`tib, ochilishda qatnashayotganimdan xursandman. Dastlab bunga ishonolmadim, chunki Bosh Assambleya boshlanishiga oz vaqt qolgandi. Ammo O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning qo`llab-quvvatlashi va Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning sa`y-harakatlari bugun tashkilotga a`zo mamlakatlar turizm vazirlari ishtirok etayotgan Akademiyaning ochilishini o`tkazish imkonini berdi. Bu jarayonda qatnashganimdan mamnunman, — dedi Z.Pololikashvili ochilishda. — Bu nafaqat UNWTO yoki Samarqand uchun, balki umuman turizm uchun ham muhim qadamdir”.
Bundan tashqari, Z.Pololikashvili ochilish marosimida ishtirok etgan turizm vazirlari va turizm boshqarmalari rahbarlarini Akademiya faoliyatini tashkil etish va o`quv jarayonida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir davomida universitet va Turizm akademiyasiga tanishuv sayohati, esdalik lavhalarining ochilishi, Samarqand shahridagi UNWTO tematik idorasi faoliyati bilan tanishtirish jarayonlari bo`lib o`tdi.
Ta`kidlash joizki, Akademiyaning o`quv dasturi Shveytsariya mehmondo`stlik maktablari tajribasini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Trening chet ellik maslahatchilar tomonidan olib boriladi. Akademiyani tamomlagandan so`ng bitiruvchiga jalb qilingan hamkor ta`lim muassasalari tomonidan tan olingan sertifikat beriladi. Har bir modulni tugatgandan so`ng, talabalar xususiy sektor hamkor kompaniyalarida amaliyot o`tash orqali amaliy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Akademiya tashkilotchilari O`zbekiston hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) hisoblanadi.
UNWTOning Akademiyani tashkil etishdagi faoliyati xalqaro tajribaga asoslangan kadrlar tayyorlash modelini yaratish, o`quv dasturlarini mahalliy sharoitga moslashtirish, ToT dasturlari (trenerlarga trening o`tish, o`qituvchilarning malakasini oshirish) orqali mentorlarni tayyorlash, institusional rivojlanishni qo`llab-quvvatlash, talabalar reytingini baholash, ta`lim sifatini oshirish bo`yicha konsalting xizmatlarini ko`rsatish, dasturlarning xalqaro tan olinishi va sertifikatlanishini ta`minlashdan iborat.
O`zbekistonning Akademiya faoliyatiga qo`shgan hissasi – o`quv dasturlarini mahalliy sharoitga ko`paytirish va moslashtirish, ToT dasturlari orqali mentorlar tayyorlashga ko`maklashish, loyihalarni moliyaviy qo`llab-quvvatlash, talabalarni ishga joylashtirishga ko`maklashish, dasturlarni takomillashtirish va moslashtirish, talabalar reytingini baholash, targ`ibot ishlari dasturlarni targ`ib qilish va boshqalardir.






