O`zbekiston ilk bor 4,25 trillion so`m miqdoridagi yashil suveren xalqaro obligasiyalar hamda 660 million dollar miqdoridagi xalqaro obligasiyalarni London fond birjasida joylashtirdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Yashil obligasiyalar bo`yicha kelib tushadigan mablag`lar suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, temiryo`l transporti va metro transportini rivojlantirish, sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni ta`minlash, shamol eroziyasiga va suv xo`jaligi ob`ektlarining qum bosishiga qarshi ihota daraxtzorlari barpo etish kabi yashil loyihalarni moliyalashtirish uchun yo`naltiriladi.
Bunda loyihalarni tanlab olish jarayoniga Birlashgan millatlar tashkilotining rivojlanish dasturi (UNDP) jalb qilingan. Yashil obligasiyalar dasturi bo`yicha Sustainalytics tomonidan ikkinchi taraf ijobiy xulosasi olingan.
O`zbekistonning milliy valyutadagi “yashil” obligasiyalariga bo`lgan yuqori talabni inobatga olib, 3 yillik so`mdagi xalqaro obligasiyalarning foiz stavkalarini (kupon to`lovi) kutilgan 18 foizdan 16,25 foizga tushirishga muvaffaq bo`lindi. Mazkur tranzaksiya bilan so`ndirish muddati 2023 yilning 23 noyabr kuni bo`lgan 1,9 trillion so`m miqdoridagi xalqaro obligasiyalar muddatidan oldin so`ndirilgan.
Ichki moliya bozorlarida so`nggi o`tkazilgan auksionda (26 sentyabr) 2 yillik davlat qimmatli qog`ozlari bo`yicha foiz stavkalari 17,57 foizni tashkil qilgan.
Ikkilamchi bozor kotirovkalari hamda investorlar takliflaridan kelib chiqib, AQSh dollaridagi O`zbekiston Respublikasining 5 yillik suveren xalqaro obligasiyalari uchun dastlabki foiz stavkasi 8,50–8,625 foiz oralig`ida e`lon qilindi.
Ikkilamchi bozorda O`zbekistonning 2029 yilda so`ndiriladigan xalqaro obligasiyalari foiz stavkasi 8,1 foizga etgan. Xususan, so`nggi bir haftada (27 sentyabr – 7,67 foiz) foiz stavkalari 0,43 foizga oshgan. Buyurtmalar kitobi 1,7 milliard dollarga etganda, foiz stavkalarni 8,25-8,375 foizga tushirishga erishilgan.
“Yakuniy talab 2 milliard dollarga etgach, 660 million dollar miqdoridagi obligasiyalar 8,125 foiz stavkada hamda 7,85 foiz kuponda chiqarildi. Mazkur kupon stavkasi moliyaviy maslahatchilar tomonidan tavsiya etilib, xalqaro obligasiyalarni investorlarga 98,888 foiz narxda sotilishini anglatadi (ya`ni mazkur tranzaksiyadan 652,6 million dollar mablag` kelib tushadi)”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bugungi kunda jahon moliya bozorlarida foiz stavkalarining oshishi kuzatilmoqda. Xususan, 5 yillik AQSh G`aznachilik obligasiyalari foiz stavkalari 2021 yil iyul (so`nggi marta suveren obligasiyalar chiqarilgan davr) oyiga nisbatan qariyb 4 foizga oshib, 2021 yil iyul oyidagi 0,8 foizdan 4,7 foizga etgan.
Jahon moliya bozorlaridan foiz stavkalarining oshishi, mos ravishda, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli foiz stavkalarining ham keskin oshishiga sabab bo`lmoqda. Xalqaro kredit bozorlarida ishlatiladigan COFP (oldin LIBOR) stavkasi 2021 yil iyul oyidan beri 0,17 foizdan qariyb 5,3 foizga oshib, bugungi kunda 5,5 foizga etgan.
Shuning uchun, xalqaro moliya institutlari tomonidan jalb qilinayotgan imtiyozli kreditlar bo`yicha foiz stavkalar ham ikki yil ichida 1-2 foizdan bugungi kunga kelib 6,3-7,0 foizga etgan.
Joriy bozor sharoitlari sababli boshqa mamlakatlar ham oldingiga nisbatan yuqori foiz stavkalarida davlat qarzini jalb qilmoqda. Misol uchun:
- Turkiya 2023 yil yanvar oyida 2,75 milliard dollarga teng 10 yillik suveren xalqaro obligasiyalarini 9,75 foizdan;
- Vengriya yanvar oyida 1,25 milliard dollarga teng 30 yillik obligasiyalarni 7,1 foizdan;
- Ruminiya yanvar oyida 1,25 milliard dollarga teng 30 yillik obligasiyalarni 7,67 foizdan;
- Mo`g`uliston yanvar oyida 445 million dollarga teng 5 yillik xalqaro obligasiyalarni 8,65 foizdan;
- Misr fevral oyida 1,5 milliard dollarga teng 3 yillik suveren xalqaro obligasiyalarni 11 foizdan;
- Bahrayn aprel oyida 1 milliard dollarga teng 12 yillik 7,75 foizdan joylashtirgan.
Yashil obligasiyalarni joylashtirishdan tushgan kelib tushgan mablag`larning sarflanishi yuzasidan hisobot xalqaro standartlarga muvofiq shakllantiriladi va e`lon qilib boriladi.






