2023 yilda “Toza havo” oyligining I (10 apreldan 10 mayga qadar) va II (10 avgustdan 10 sentyabriga qadar) bosqichlari davomida jami 318 556 ta avtotransport vositalari ekologik nazoratdan o`tkazildi. Natijada tekshirilgan texnikalarning 8652 tasi yoki 2,75 foizi atmosferaga me`yoridan ortiq zaharli tashlamalar chiqarayotganligi aniqlandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi xabar berdi.
Ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo`pol ravishda buzgan 3329 ta avtotransport haydovchisiga nisbatan umumiy 553 153 mln so`m jarima choralari qo`llanildi hamda 2914 ta texnika vositasining harakati vaqtinchalik to`xtatib qo`yildi.
Tekshirilgan avtotransport vositalarining 1043 tasi yoki 2,2 foizida ishlatilgan gazlarining ifloslantiruvchi moddalari miqdori o`rnatilgan me`yorlardan yuqoriligi aniqlandi va avtomobillarga texnik xizmat ko`rsatish shaxobchalariga yuborildi.
"Ta`kidlash joizki, “Toza havo” oyligi davomida atmosferaga jami 209 232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olindi. Tadbirdan asosiy maqsad texnika vositalaridan atmosfera havosiga me`yoridan ortiq zaharli tashlamalar chiqarilishiga yo`l qo`ymaslikdir", deyiladi xabarda.






