Tatariston Respublikasiga tashrif davomida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Qozon Kremli” tarixiy-me`moriy va badiiy muzey-qo`riqxonasida bo`ldi.
Davlatimiz rahbariga Tatariston Raisi Rustam Minnixanov hamrohlik qildi.
Qozondagi Kreml YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan. Qozonning eng qadimgi qismi bo`lib, shaharning ko`p asrlik tarixini o`zida mujassam etgan me`moriy, tarixiy va arxeologik yodgorliklardan iborat.
Bu erda O`zbekiston Prezidenti Qul Sharif masjidini kirib ko`rdi. Tatariston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Kamil Samigullin oliy martabali mehmonga masjid tarixi haqida batafsil so`zlab berdi. Duo o`qildi.
Masjid 1996-2005 yillarda Qozon xonligi hududida XVI asrning ikkinchi yarmiga qadar mavjud bo`lgan juma masjidi o`rnida bunyod etilgan va Imom Qul Sharif nomi bilan atalgan.
Davlatimiz rahbari Qozon va Tatariston mitropoliti Kirill hamrohligida Blagoveshensk soborini ham ko`zdan kechirdi. Qozon Kremli hududidagi obidalarning eng qadimgisi bo`lgan ushbu inshoot XVI asrda bunyod etilgan. Pskov me`morchilik an`analarining yorqin namunasidir.






