AsosiyJamiyat

Energetika vazirligi 1 noyabrdan oshadigan narxlar bo`yicha tushuntirish berdi

'Energetika vazirligi 1 noyabrdan oshadigan narxlar bo`yicha tushuntirish berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 noyabrdan boshlab bir oyda elektr energiyasi o`rtacha oylik iste`moli uchun to`lov miqdoriga o`suvchan koeffisient qo`llanishi turlicha baholanmoqda. Energetika vazirligi matbuot kotibi mazkur xabarlarga tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, mazkur o`suvchan koeffisient aholi iste`molchilarining 98 foiziga mutlaqo ta`sir qilmaydi. Chunki mamlakatdagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortig`i 1000 kilovatt/soatdan ko`p elektr energiyasi yoqadi, xolos. Ularning atigi 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatdan oshiq, bor-yo`g`i, 4 mingdan ortiq iste`molchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste`mol qiladi. Bu yangilikni ko`pchilik sog`lom aql bilan to`g`ri qabul qilyapti va qo`llab-quvvatlamoqda.

Tarif narxi oshayotgani yo`q. O`sha 295 so`m joy-joyida turibdi. Ammo odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda “yashirin iqtisodiyot” unsurlariga barham berish uchun qo`shimcha o`suvchan koeffisient qo`llanishi nazarda tutilmoqda.

“Bunda siz bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflasangiz, 295 so`mdan 295 ming so`m to`laysiz.

1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha sarflasangiz, 1000 kilovatt/soat uchun 295 so`mdan 295 ming, aytaylik, 4850 kilovatt/soat yoqqan bo`lsangiz, 1001 dan 4850 gacha 590 so`mdan 2 million 271 ming 500 so`m+295 ming so`m, jami 2 million 566 ming 500 so`m to`laysiz.

Oldin siz buning uchun jami 1 million 430 ming 750 so`m to`lardingiz, xolos.
Agar bir oyda 9420 kilovatt/soat ishlatsangiz-chi?

Xuddi boyagidek 1000 kilovatt/soat uchun 295 ming so`m, 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha 590 so`mdan 2 million 360 ming so`m, 5001 kilovatt/soatdan 9420 kilovatt/soatgacha 3 million 911 ming 700 so`m, jami 6 million 566 ming 700 so`m to`lov qilasiz.

O`suvchan koeffisientgacha esa bir oyda 9420 kilovatt/soat sarflagan iste`molchi bunga 2 million 778 ming 900 so`m to`lardi.

Ya`ni u bir oyda 6 million 358 ming 500 so`m shartli subsidiya olgani holda, aholining qolgan 98 foiz qismidan ko`ra bir necha o`n karra ko`proq elektr energiyasini iste`mol qilardi.

1 noyabrdan keyin bunga chek qo`yiladi.
Xuddi shu o`suvchan tarif 10 ming kilovatt/soatdan ziyod tok ishlatadiganlarga ham qo`llanmoqda. Endi kimda-kim bundan ko`p svet yoqsa, u uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o`suvchi koeffisient qo`llanadi.

Ya`ni, siz bir oyda 12 ming 400 kilovatt/soat sarflasangiz (aql bovar qilmaydi, ammo hozir ham xuddi shu miqdorda elektr energiyasi yoqadiganlar bor), unga quyidagicha to`lov qilasiz.

1000 kilovatt/soatgacha – 295 so`mdan – 295 ming so`m.
1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha – 590 so`mdan – 2 million 360 ming so`m.
5001 kilovatt/soatdan 10 ming kilovatt/soatgacha – 885 so`mdan – 4 million 425 ming so`m.
10 ming kilovatt/soatdan 12 ming 400 kilovatt/soatgacha – 1180 so`mdan – 2 million 832 ming so`m.
Jami: 9 million 912 ming so`m.

1 noyabrgacha esa xuddi shuncha miqdorda elektr energiyasi iste`mol qilgan abonent 3 million 658 ming so`m to`lardi, xolos. Shu bilan birga, u davlatdan 8 million 370 ming so`m shartli subsidiya ham olardi.
Xullas, bu o`suvchan koeffisientlar adolatli hamda energiya tejamkor va energiya samarador echim bo`lmoqda”, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar