AsosiyJamiyat

O`zbekistonda transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash instituti tashkil etildi

'O`zbekistonda transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash instituti tashkil etildi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Transport sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy va innovasion faoliyat tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, “Ma`muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident farmoniga muvofiq Transport vazirligi huzurida Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tashkil etilgan.

Institut Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil transporti xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda O`zining temir yo`llariga ega bo`lgan yuridik shaxslarning temir yo`l transporti xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash markazi negizida ta`lim muassasasi shaklida Transport vazirligi huzurida tashkil etildi. Endilikda:

  • transport sohasi kadrlari Transport vazirligi tomonidan tasdiqlangan o`quv rejasi va dasturlari asosida har uch yilda kamida bir marta malaka oshiradi;
  • elektromobillarni boshqaruvchi haydovchilarning malaka oshirish o`quv kurslari dasturlari bo`yicha mustaqil tayyorgarlik ko`rgan va imtihondan muvaffaqiyatli o`tgan shaxslarga ta`lim olganlik to`g`risidagi hujjat beriladi;
  • davlat va nodavlat ta`lim tashkilotlari tomonidan yakuniy imtihonlar Transport vazirligi tomonidan yaratilgan maxsus elektron platformada topshiriladi.

Hujjat bilan Transport sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibi to`g`risida nizom tasdiqlangan. Uning asosiy vazifalari quyidagilar:

  • kadrlarni, shu jumladan, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • transport sohasida innovasion, fundamental va amaliy tadqiqot ishlarini yo`lga qo`yish hamda natijalarini amaliyotga joriy etish;
  • transport sohasida o`quv-uslubiy metodik majmualar ishlab chiqilishini va joriy etilishini tashkil etish;
  • mutaxassislar uchun uzluksiz va kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil qilish, qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini monitoring kiluvchi yagona elektron platformani yaratish va joriy etish.

Hujjat qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 2023 yil 30-sentyabrdan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar