Sal avval Qozog`istonda baliq orqali yuqadigan kasallikka chalinganlar soni ortayotgani haqidagi xabar berilgan edi. Qo`shni davlatda tarqalayotgan ushbu kasallik O`zbekistonga ham kirib kelishi mumkinmi? Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi mazkur kasallik va uning O`zbekistonga xavfi bo`yicha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, kasallikning asosiy sababi deya qo`shni Rossiya Federasiyasining Tyumen viloyatidan olib kelingan baliqlar bo`lgani haqida ham ma`lumotlar ko`rsatilmoqda.
Qo`shni hududda tarqalgan bu kabi xabarlarda nomi ko`rsatilayotgan kasallik yurtimizda uchraydimi? Bu qanday kasallik?
Opistorxoz – gijja kasalliklari guruhiga mansub tabiiy o`choqli biogelmintoz hisoblanadi. Odamlar va baliq iste`mol qiladigan hayvonlar, shu bilan birga ayiqlar mazkur infeksiyani yuqtirishga moyil bo`ladi. Infeksiya karp oilasiga kiruvchi baliqlarni xom, nim tuzlangan yoki issiqlik bilan ishlov berilmasdan iste`mol qilganda yuqadi.
Rossiya, Ukraina, Qozog`iston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida opistorxoz keng tarqalgan.
Opistorxozning – Opisthrchis felineus turi asosan G`arbiy Sibirda, Ob daryosi havzasidan Rossiyaning Evropa qismigacha bo`lgan hududda uchraydi. Infeksiyaning eng yuqori xavfi daryo hududlarida: Biryusa, Volga, Dnepr, Don, Irtish, Kama, Ob, Shimoliy Dvina, Ural daryo hududlarida uchraydi. Qozog`iston va Evropada ham kasallik uchrab turadi.
Ma`lumot uchun: opistorxozning dunyodagi eng katta o`chog`i Ob-Irtish basseynida joylashgan.
Opistorxozning – Opistorchis viverrini turi Rossiyada deyarli uchramaydi, lekin Janubiy-Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlarida, asosan Tailandda kuzatiladi.
2022 yilda opistorxozning 11520 ta holati Rossiyada qayd etilgan bo`lib, kasallanish darajasi 100 ming aholiga 7,9 ni tashkil etgan.
Qozog`istonning shimoliy va shimoliy-sharqiy qismlarida Irtish daryosi va uning irmoqlari hududlarida ham opistorxoz bilan kasallanish holatlari ko`plab uchrab turadi.
Ural daryosi atrofida ham opistorxoz bilan kasallangan baliqlar aniqlangan.
Odamlarda opistorxoz bilan kasallanganlar soni 2002 yilda eng yuqori cho`qqiga chiqdi. 2521 ta holat qayd etilgan (100 000 kishiga 17 ta holat) bosqichma-bosqich 1225 holatga pasaygan. Undan avval 2011 yilda 100 000 kishiga 7,4 ta holatdir.
Kasallikning kelib chiqish belgilari quyidagicha:
- Biroz isitmalash, kamquvvatlik, ich buzilishi, terida toshmalar paydo bo`lishi, kamqonlik, B12 vitamini etishmasligi kuzatiladi.
- Kasallik oxirida o`t pufagi va o`t yo`llari, o`n ikki barmoq ichak va me`da osti bezlarining yallig`lanish alomatlari yuzaga keladi. Bunday hollarda tashxis o`n ikki barmoq ichak shirasi va najas tarkibida opistorxlarni laboratoriya usulida tekshirish orqali aniqlashga asoslanib qo`yiladi.
G`arbiy Qozog`iston okrugi sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi 2023 yil boshidan buyon 113 ta opistorxoz holati qayd etilganini ma`lum qildi. O`tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga o`sish kuzatilmoqda.
"Shu o`rinda yurtimizda opistorxoz kasalligi bilan holatlar kuzatilmaganini va bunday infeksiya uchramasligini ma`lum qilamiz", - deyiladi xabar so`nggida.






