Prezident Shavkat Mirziyoev 4 oktyabr kuni professional ta`lim sifatini oshirish hamda aholini kasb-hunarga o`qitish bo`yicha yangi tashabbuslar taqdimoti bilan tanishdi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishda professional ta`lim alohida o`rin tutadi. Xususan, taraqqiy etgan davlatlarda o`quvchilarning 75 foizigacha kasbiy ta`lim bilan qamrab olingan.
Mamlakatimizda ham bu soha mehnat bozori talablari asosida rivojlantirib kelinmoqda. O`rta bo`g`in mutaxassislari, asosan, ikki yo`nalishda – Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi tizimidagi kasb-hunar maktablari va texnikumlar hamda Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qarashli monomarkazlarda tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda 689 ta professional ta`lim muassasasida 714 ta kasb va mutaxassislik hamda 20 ta “Ishga marhamat” monomarkazida aholiga 54 ta kasb va 6 ta xorijiy til o`rgatilmoqda.
O`quvchilarga bir vaqtda ham o`qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradigan “dual ta`lim” shakli joriy etildi. Bu tizim samarasida 2 ming korxona bilan birgalikda 6 ming yigit-qiz o`qitilmoqda. Shuningdek, yoshlarga 9-sinfdan keyin kasb-hunar maktabi, 11-sinfdan esa kollej va texnikumda turli mutaxassisliklar o`rgatilmoqda.
Shu bilan birga, sohada muayyan bo`shliqlar ham bor. Ayrim ta`lim dasturlari hayot talabi bilan bog`lanmagan. Professional ta`lim maktab o`quvchilarini o`ziga jalb qila olmayapti. Oqibatda mavjud quvvatlar to`la ishlatilmayapti.
Monomarkazlar o`rta bo`g`in kadrlariga bo`lgan ehtiyojni to`liq qondira olmayapti. Bitiruvchilarga malaka razryadi berish joriy etilmagani sababli ular qo`shimcha imtihon topshirayapti. Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi bilan professional ta`lim o`rtasida hamkorlik yo`q. Chet tillarini o`rgatish va tasdiqlovchi hujjat berish bo`yicha ishlar etarli emas.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etib, kasbga o`qitish sifatini oshirish maqsadida tegishli vazirliklar tomonidan yangi takliflar ishlab chiqilgan. Taqdimotda mutasaddilar shu borada atroflicha axborot berdi.
Mazkur takliflarda xorijiy ta`lim dasturlarini joriy etish, bitiruvchilar malakasining ichki va tashqi bozorda tan olinishini ta`minlash, o`quvchilarni kollej va texnikumlarga kengroq jalb etish, monomarkazlarda kasbga o`qitish sifatini yaxshilash chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha topshiriqlar berdi. Aholi bandligi eng muhim masala ekani, yoshlarga kasb-hunarlarni tumanlar ixtisoslashuvidan hamda korxonalar ehtiyojidan kelib chiqib, aniq yo`nalishlar bo`yicha o`rgatish kerakligi ta`kidlandi.
Kasblar va professional ta`lim klassifikatorlarini bosqichma-bosqich yangilab, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, professional ta`lim muassasalarini maktab va oliy o`quv yurtlari bilan uzviy bog`lash muhimligi aytildi. Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi barcha kasb-hunar ta`limi muassasalarini yaxlit tizim sifatida muvofiqlashtirishi belgilandi.
Kelgusi o`quv yilidan har bir viloyatda dunyo tan olgan dastur asosida kasb-hunarga o`qitish yo`lga qo`yiladi. Ularning bitiruvchilari xalqaro malaka va xorijiy til sertifikatiga ega bo`ladi. Shuningdek, ilg`or kasbiy ta`lim va kasbga o`qitish sifatini ta`minlash mezonlari tatbiq etiladi.
Monomarkazlarda kasblar ish beruvchilarning buyurtmasi asosida o`qitiladi, bu bitiruvchilarning ishga joylashishida muhim omil bo`ladi.
Mutasaddilarga professional ta`lim tizimini rivojlantirishning yilma-yil dasturini ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.






