Avvalroq, Chirchiq shahridagi "Yangi O`zbekiston" massivida qurilgan ko`p qavatli uylardan biri oldinga og`ib, "yonboshlab" qolgani haqida xabar bergan edik. Qurilish vazirligi turar-joy binolarning bugungi kundagi texnik holati ishchi guruh tomonidan o`rganilganini ma`lum qildi.
Qayd etilishicha, hajmiy temirbeton panel konstruksiyali bino pudratchi "Yangi zamon bino" MChJ tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan.
Geologik izlanishlar xulosasiga ko`ra, ushbu binoda "Cho`kuvchan va o`ta cho`kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar" to`g`risidagi shaharsozlik norma va qoidalarining 9-bandi talablariga muvofiq qurilish ishlari bajarilgan. Biroq 2022 yil bahor-kuz mavsumidagi yog`ingarchiliklar tufayli ko`p miqdordagi yomg`ir suvlari irrigasiya tizimlarisiz muntazam ravishda bino poydevoriga sizib kirgan va bino atrofiga yig`ilib qolgan. Natijada bino ostining asos qismi suvga to`yinib, binoning vertikal seysmik choklari loyihaviy holatidan ko`chgan.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur holatni bartaraf etish bo`yicha "Qishloqqurilishloyiha" instituti tomonidan 2023 yil 14 fevralda "Yangi zamon bino" MChJ bosh direktoriga bino ostiga suv ketishini oldini olish bo`yicha yozma ko`rsatma berilgan va geodeziya hamda muhandislik izlanishlari olib borilgan. Uylar poydevori asosining cho`kishi va uning namlanishini oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar loyihasi ishlab chiqilgan va bajarish uchun topshirilgan bo`lsada, pudratchi tomonidan hech qanday chora ko`rilmagan.
Mazkur uylar dinamikasining salbiy tomonga o`zgarganligi sababli quruvchi tashkilot yuzaga kelgan masalalarni bartaraf qilish bo`yicha loyiha echimlari va chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishni so`rab "Qishloqqurilishloyiha" tashkilotiga murojaat qilgan va institut tomonidan tegishli loyihaviy echimlar ishlab chiqilgan.
Taqdim etilgan loyihaviy echimlarga asosan pudratchi tomonidan zudlik bilan quyidagi ishlar amalga oshirilishi kerak:
- Shaharsozlik normalari va qoidalari 2.02.01−98 ning "Bino va inshootlar asoslari" me`yorining 2.68, 2.69 va 3.13 bandlari talablariga asosan har 300 mm da qatlam-qatlam gruntning mustahkamligi 1.65t/m3 ga etgunga qadar shibbalab qayta ko`mish ishlarini bajarish;
- ShNQ 2.01.09−97 ning "Cho`kuvchan va o`ta cho`kuvchan gruntli hududlarda quriladigan bino va inshootlar" 9-bandi talablariga muvofiq bino perimetri bo`ylab eni 2000 mm va tarkibida nometall armaturasi bo`lgan, qalinligi 100 mm beton yo`lak (otmostka) ishlarini bajarish talab etiladi.
Mahalliy hokimiyat vakillari esa hududda bajarilgan obodonlashtirish va irrigasiya tizimlariga oid ishlarni hudud bosh rejasiga asosan qayta ko`rib chiqishi va yog`ingarchilik boshlanishidan oldin bajarishi lozim.
"Mazkur binolar qurilishiga mas`ullar hamda soha ekspertlari ishtirokida o`tgan yig`ilishda mavjud holatni bartaraf etish yuzasidan qo`shimcha takliflar bildirildi. Ular orasida eng maqbullari saralanib, o`n kun muddatda amaliy choralarni ko`rish yuzasidan tegishli ko`rsatmalar berildi", deyiladi xabarda.






