AsosiyJamiyat

O`zbekiston flora va faunasi inson omili va ekologik xatarlardan himoyalanganmi?

'O`zbekiston flora va faunasi inson omili va ekologik xatarlardan himoyalanganmi?'ning rasmi

 "Falon hududda Qizil kitobga kiritilgan ayiq otib o`ldirildi”, “Qizil kitobga kiritilgan qushni sotmoqchi bo`lganlar ushlandi”, “Tadbirkor Qizil kitobga kiritilgan o`simlikni kesib tashlab, tabiatga falon so`mlik zarar etkazdi”, “Ikki bosh kamyob bug`u temir simdan yasalgan qopqon orqali ovlanib, nobud qilindi...” Bular to`qima gaplar yoki olisdagi qaysidir mamlakatda ro`y bergan voqealar emas — hammasi o`zimizning yurtimizda sodir bo`lgan va rasman tasdiqlangan, internetda, televizorda e`lon qilingan xabarlardan ayrimlari.
To`g`ri, odamlar bir xil emas, inson omili degan tushuncha bor, shuning oqibatida tabiatga ziyon etkazish holatlari barcha davlatlarda kuzatiladi, deyishingiz mumkin. Lekin O`zbekistonda Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlash, noyob turdagi o`simlik va daraxtlarni kesib tashlash oxirgi vaqtlarda sezilarli ko`paygan.
Yo`q bo`lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi o`simlik va hayvonot turlari, ekotizimlar va landshaftlarni saqlab qolish uchun nima qilish kerak? Buning eng samarali yo`llaridan biri bu — “muhofaza etiladigan tabiiy hududlar” tashkil qilishdir.
Bu borada Prezident va xukumat rahbarlarining sohaga alohida e`tibori tufayli keyingi yillarda katta ishlar amalga oshirildi. Oxirgi 5 yilda sohaga oid 2 ta Prezident qarori, 14 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.
 2016 yilda bioxilma-xillik bilan bog`liq bo`lgan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 2,011 mln gektarni yoki mamlakatimiz hududining 4,64 foizini tashkil qilgan edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “2019-2028 yillar davrida O`zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi qarorida 2028 yil yakuniga qadar muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini mamlakat hududining 12 foiziga etkazish nazarda tutilgan edi.
 2023 yilning 1 yanvar holatiga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,321 mln gektarga etkazildi va ularning mamlakatimiz hududidagi ulushi 14,08 foizni tashkil qildi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish va shu orqali O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan o`simlik va hayvonot dunyosini saqlab qolish maqsadida Samarqand viloyatida joylashgan Zarafshon milliy tabiat bog`i hududini 2 ming gektarga, Jizzax viloyatidagi Nurota davlat qo`riqxonasini 4 ming gektarga, Surxondaryo viloyatidagi Surxon davlat qo`riqxonasi hududini 5 ming gektarga (umumiy 11 ming gektar) kengaytirish bo`yicha tashkiliy ishlar boshlab yuborildi.
2024 yilda Farg`ona vodiysida (Farg`ona, Andijon, Namangan viloyatlari) umumiy maydoni 100 ming gektardan iborat yangi tabiat bog`i tashkil etiladi.
Hozir mamlakatimizda 7 ta davlat qo`riqxonasi, 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo`riqxonasi, 12 ta tabiat bog`i, 1 ta milliy bog`, 11 ta tabiat yodgorligi, 2 ta biosfera rezervati, 12 ta buyurtma qo`riqxonasi, 1 ta Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi mavjud. Mazkur hududlarda O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan umurtqali hayvonlarning 102 turi (83 foizi), o`simliklarning 280 turi (89 foizi) uchraydi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasi rivojlantirilib borilmoqda. Jumladan, Birlashgan Millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturi va Global ekologiya jamg`armasi hamda O`zbekiston hukumati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ma`muriy binolarning bir qismi ta`mirlandi, Chotqol biosfera va Hisor davlat qo`riqxonalarida tashrif markazlari tashkil etildi.
         Zomin davlat qo`riqxonasi uchun yangi ma`muriy bino va inspektorlar uyi (kordon) qurildi, Nurota, Surxon davlat qo`riqxonalarining ma`muriy binolari kapital ta`mirlandi va 6 dona kordon yangidan qurildi, Qizilqum davlat qo`riqxonasiga inspektorlar uyi sifatida foydalanish uchun 2 dona konteyner olib berildi. Hisor davlat qo`riqxonasida 4 dona kordon uylar to`liq ta`mirlandi.
         Halqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida Chotqol biosfera va Hisor davlat qo`riqxonalari, “Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo`riqxonasi va “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog`i faoliyatiga SMART patrul qo`riqlash tizimi tatbiq etildi. 500 dan ortiq demarkasiya belgilari, fotoapparat, optik kuzatish vositalari, fotoqopqonlar va boshqa asbob-uskunalar bilan ta`minlandi.
         Bundan tashqari, 2024-2025 yillar davomida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalarni qo`llagan holda monitoring ishlarini tashkillashtirish maqsadida yiliga 25 mlrd so`m ajratib borilishi nazarda tutilgan. 
         Vazirlik bu sohada halqaro yo`nalishda ham qator ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Qozog`iston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqilmoqda.
         2016 yilda Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi (Maydontol uchastkasi) va Ugam-Chotqol davlat biosfera rezervatining qo`riqxona zonasi (Boshqizilsoy uchastkasi) YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritildi.
         2021 yilda Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati YuNESKOning Butunjaxon biosfera rezervatlari tarmog`i ro`yxatiga kiritildi.
         Quyimozor va To`dako`l suv omborlari (2020 yilda), Sudoche ko`llar tizimi (2023 yilda) O`zbekiston Respublikasining halqaro ahamiyatga ega suv-botqoqlik hududi sifatida Ramsar Konvensiyasining Ro`yxatiga kiritildi.
         Qozog`iston, Turkmaniston va Tojikiston bilan transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil bilan bog`liq masalalar ko`rib chiqilmoqda. Surxon davlat qo`riqxonasi joylashgan hududlarni Kuhitang tog`i ekotizimlari sifatida Turkmaniston bilan birgalikda YuNESKOning Umumjahon tabiiy merosi ro`yxatiga kiritish uchun nomzodnoma tayyorlanmoqda.
         Ma`lumot uchun: O`zbekiston faunasida umurtqali hayvonlarning 715 turi, umurtqasiz hayvonlarning esa 14900 dan ortiq turi bor. Shulardan O`zbekiston Qizil kitobiga 206 tur hayvonot dunyosi kiritilgan. Shundan umurtqasizlar 83 turni, umurtqalilar 123 turni (baliqlar – 18 tur, sudralib yuruvchilar – 21 tur, qushlar – 52 tur, sut emizuvchilar – 32 tur) tashkil qiladi.
         Mamlakatimiz o`simlik dunyosi 11000 tur o`simlik, zamburug` va suv o`tlaridan iborat. Shundan 4300 turga yaqini yuksak yovvoyi o`simliklar, ularning 8% endemik turlardir. Bularning 314 turi O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
    O`simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilishda tabiatni asrash va inson faoliyatining atrof-muhitga ta`siri haqida aholiga ma`lumot berib borish muhim.
         Bunda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda qonunga xilof ravishda ov qilish va daraxt kesishni nazorat qilish, o`simlik va hayvonot dunyosining holatini o`rganish bo`yicha tadqiqotlar natijalaridan foydalanish mumkin.
         Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish va kelgusida aniq rejalarni belgilab olish mamlakatimizda o`simlik va hayvonot dunyosini samarali muhofaza qilishga xizmat qiladi. 

    Boshqa yangiliklar