Sentyabr oyida ayrim iste`molchilarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishlari natijasida tizimga 111 mlrd 428 mln so`m zarar etkazilgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, vazirlik huzuridagi “O`zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta`minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda sentyabr oyida o`tkazilgan nazorat tadbirlarida 911 ta holatda iste`molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi.
Bunda 94 mln 533 ming metr kub tabiiy gaz (91 mlrd 57 mln so`m) va 42 mln 961 ming kVt⋅soat elektr energiyasi (20 mlrd 371 mln so`m) talon-toroj qilinishi natijasida tizimga keltirilgan jami 111 mlrd 428 mln so`m zarar undirishga qaratildi.
Noqonuniy foydalanish holatlarining eng ko`pi — Samarqand, Farg`ona va Toshkent viloyatlari hissasiga to`g`ri keladi.
Ma`lumot uchun, ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 472 ming 665 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 214 ming 805 ta xonadonning bir oylik iste`moliga tengdir.
Qoidabuzar iste`molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko`rilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.






