AsosiyJamiyat

Toshkentda avtomobilni olib qochgan "moykachi" qurol bilan to`xtatildi

'Toshkentda avtomobilni olib qochgan "moykachi" qurol bilan to`xtatildi'ning rasmi

Mirobod tumani, Qo`yliq – 4 mavzesida joylashgan avtomobil yuvish shahobchalarining biridan, shu erda ishlovchi 1998 yilda tug`ilgan Abduraximov Muxamad Shuxrat o`g`li, 1995 yilda tug`ilgan fuqaroga tegishli Gentra avtomashinasini olib qochgan. Toshkent shahar IIBB xabariga ko`ra, transport vositasini olib qochgan shaxsni ushlash maqsadida Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchi yo`l harakati qoidalarini qo`pol ravishda buzib, transport vositasini katta tezlikda boshqargan va svetoforning taqiqlovchi chirog`iga hamda yo`l-patrul xizmati inspektorlarining to`xtash haqidagi qonuniy talablariga bo`ysunmagan. Olingan ma`lumotga asosan transport vositasi Maxtumquli ko`chasi bo`ylab Mirzo Ulug`bek ko`chasidan "Yangi O`zbekiston bog`i" tomonga harakatlanib ketayotganligi aniqlangan.

Natijada soat 09.45 larda Maxtumquli ko`chasidagi chorrahada Toshkent shahar IIBBYHXB inspektorlari tomonidan yo`l to`silib, olib qochilgan transport vositasini to`xtatish choralari ko`rilgan. Biroq gumonlanuvchi YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo`ysunmay, to`xtashdan bosh tortgan hamda transport vositasida fuqarolarning hayoti va sog`lig`iga xavf tug`dirib, yo`lda qarama-qarshi harakatlangan. Natijada 3 ta avtomashinaga qasddan texnik shikast etkazib, ichki ishlar organi xodimlarining hayotiga xavf tug`dirgan holda transport vositasini IIO xodimlari tarafga boshqarishda davom etgan.

Ko`rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, avtomashinani olib qochgan shaxs Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan ushlangan. Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash jarayonida boshqa og`irroq oqibatlarni oldini olish maqsadida «Ichki ishlar organlari to`g`risida»gi qonuni talablari asosida IIO xodimlari o`zlariga biriktirilgan o`qotar qurolni qo`llaganlar. Ma`lum qilinishicha, qurolni qo`llash jarayonida hech kimga shikast etmagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 267-moddasi («Transport vositasini olib qochish») bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Gumon qilinuvchi prosessual tartibda ushlangan.

    Boshqa yangiliklar