AsosiyJamiyat

O`zbekiston Qatar bilan harbiy sohada hamkorlik qiladi

'O`zbekiston Qatar bilan harbiy sohada hamkorlik qiladi'ning rasmi

Bugun, 9 iyun kuni O`zbekiston mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov yurtimizga tashrif buyurgan Qatar bosh vaziri o`rinbosari — mudofaa ishlari bo`yicha davlat vaziri Xolid bin Muhammad al-Atiya rahbarligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot xizmati Darakchi.uz’ga xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, dastlab mehmonlarni faxriy qorovul ishtirokida rasmiy kutib olish tadbiri bo`lib o`tdi. Harbiy orkestr tomonidan ikki davlat madhiyasi ijro etildi.

Mudofaa vazirligi markaziy apparatida o`tkazilgan ikki tomonlama hamkorlik uchrashuvida general-leytenant Bahodir Qurbonov qatarlik hamkasbini O`zbekistonga uyushtirgan tashrifi bilan qutlab, so`nggi yillarda ikki davlat o`rtasida o`rnatilgan do`stona munosabatlar jadal suratlar bilan rivojlanib, yangi tarixiy bosqichga ko`tarilganini ta`kidlab o`tdi.

Uchrashuv davomida vazirlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari, xavfsizlik va mudofaa sohasidagi hamkorlikning bugungi holati, uning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdi. Shuningdek, ikki davlat mudofaa vazirlari harbiy sohada kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan masalalar borasida ham hamkorlikni davom ettirishning istiqbolli yo`nalishlari haqida fikr almashishdi.

    Boshqa yangiliklar