Rim shahridagi rasmiy tadbirlar dasturiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Kiji saroyida Italiya Respublikasi Vazirlar kengashi Raisi Jorja Meloni bilan muzokara o`tkazdi.
Davlatimiz rahbari Italiya zaminida ko`rsatilayotgan samimiy mehmondo`stlik uchun dildan minnatdorlik bildirdi.
Italiya O`zbekistonning Evropadagi muhim va ishonchli sherigi ekani, keyingi yillarda siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, energetika, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik faollashgani qayd etildi.
Bugun strategik sheriklik munosabatlari o`rnatilgach, mamlakatlarimiz o`rtasidagi aloqalar misli ko`rilmagan yuksak darajaga chiqdi. Ushbu, hech mubolag`asiz, tarixiy voqea O`zbekiston-Italiya ko`p qirrali hamkorligini yanada rivojlantirishda yangi muhim bosqichning boshlanishidir.
Bosh vazir Jorja Meloni Yangi O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni to`liq qo`llab-quvvatlashini hamda ularning muvaffaqiyatiga ishonishini bildirdi.
Etakchilar munosabatlarni ustuvor yo`nalishlarda yanada mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish asosiy vazifa ekani ta`kidlandi. O`zaro savdo va investisiyalar hajmi keyingi yillarda ikki barobar ko`paydi. Metallurgiya, energetika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda Italiyaning etakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperasiyasi loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Kuni kecha o`tgan biznes forumi davomida jami 9 milliard evrodan ziyod qiymatga ega investisiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi.
Amaliy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini hisobga olib, tomonlar texnologik va innovasion sheriklik bo`yicha qo`shma loyihalarni ilgari surish muhimligini qayd etdilar.
Ikki mamlakat hududlari o`rtasidagi to`g`ridan-to`g`ri aloqalarni rag`batlantirish zarurligi ta`kidlandi.
Madaniyat, italyan tilini o`rganish, ta`lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat borligi ko`rsatib o`tildi.
Bosh vazir O`zbekistonning Markaziy Osiyoda sheriklik, yaxshi qo`shnichilik va ishonch muhitini mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatladi hamda “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorlik formatini yanada rivojlantirishga chaqirdi.
Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilar ekan, afg`on xalqiga insonparvarlik yordamini ko`rsatishni, shu jumladan Termiz shahridagi logistika markazi imkoniyatlaridan foydalangan holda davom ettirish muhimligi ta`kidlandi.
Uchrashuv yakunida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Italiya Bosh vaziri Jorja Melonini tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi.






