Ijtimoiy tarmoqlarda Yangihayot tumani 122-bog`chada bolalarni uxlamagani uchun oyoqlariga igna tiqishayotgani aytilayotgan video xabar tarqalgan edi.
Buni sodir etganlikda gumon qilingan shu bog`cha tarbiyachisi S.E va amaliyotchi Pedagogika kolleji o`quvchisi M.R lar bo`yicha bugun jinoyat ishlari bo`yicha Yangihayot tuman sudining cayyor majlis o`tkazildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi Matbuot xizmati xabar berdi.
Sudning 2023 yil 8 iyundagi qaroriga ko`ra, ikki nafar huquqbuzar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 52-moddasi (engil tan jarohati etkazish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ularning har biriga BHMning 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Sud tomonidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta`limi bosh boshqarmasi boshlig`iga sodir etilgan ma`muriy huquqbuzarlik yuzasidan mehnat munosabatlaridan kelib chiqib, rasmiy munosabat bildirish va tegishli chora-tadbirlar belgilash hamda huquqbuzarlik sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar yuzasidan Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 313-moddasi tartibida taqdimnoma ham chiqarilgan.
Shuningdek, Yangihayot tumanidagi 122-DMTT mutasaddilariga ro`yxatdan o`tmasdan turib, tarbiyalanuvchilarni qabul qilinganlik holati va ular uchun to`lovlar amalga oshirilganligini tekshirib, qonuniy baho berish maqsadida Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 278-moddasi tartibida Yangihayot tuman prokuroriga xabarnoma yuborildi.






