Hukumat qarori bilan Mahalliy xo`jalik shartnomalari doirasida yuzaga keladigan engib bo`lmaydigan kuch (fors-major) holatlarini tasdiqlash to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, fors-major holatlar Savdo-sanoat palatasi raisining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan holda QR-kod (matrik shtrixli kod) bilan rasmiylashtiriladigan sertifikatni berish orqali tasdiqlanadi.
Talabgor fors-major holatlarni tasdiqlash bo`yicha sertifikat olish uchun Savdo-sanoat palatasiga to`g`ridan-to`g`ri yoki uning rasmiy veb-sayti orqali murojaat qiladi.
Palata taqdim etilgan hujjatlarni 1 ish kunida ko`rib chiqadi.
Hujjatlarda kamchilik bo`lsa, talabgorga to`liq taqdim etilmagan ma`lumot va hujjatlarni 10 kun ichida taqdim etish to`g`risida so`rov yuboriladi.
Fors-major holatlar mavjudligini tasdiqlash yoki rad etish to`g`risidagi qaror 15 kun muddatda qabul qilinadi.
Sertifikat berish rad etilgan taqdirda, 3 kun muddatda talabgorga asoslantirilgan javob xati yuboriladi.
Sertifikat rasmiylashtirilgan taqdirda, talabgorga 1 kun ichida ma`lum qilinib, sertifikat rasmiy veb-saytda e`lon qilinadi.
Sertifikat muddatsiz davrga beriladi. Sertifikat bir martalik xususiyatga ega bo`lib, faqat arizada ko`rsatilgan shartnomaviy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mazkur tartib tashqi savdo bitimlari va xalqaro shartnomalar shartlari doirasida yuzaga keladigan fors-major holatlarga nisbatan tatbiq qilinmaydi.
07.06.2023 20:07
Mahalliy xo`jalik shartnomalari doirasida fors-major holatlarini tasdiqlash tartibi belgilandi






