AsosiyJamiyat

Ombudsman Bo`kadagi tergov bo`limida vafot etgan fuqaro ishi bo`yicha munosabat bildirdi

'Ombudsman Bo`kadagi tergov bo`limida vafot etgan fuqaro ishi bo`yicha munosabat bildirdi'ning rasmi

Toshkent viloyati Bo`ka tumanida tergovga jalb qilingan fuqaro shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergan edik. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili holat bo`yicha o`z munosabatini bildirdi. 

Bo`ka tumanida fuqaroning vafot etishi bilan, tayinlangan birlamchi sud-tibbiy ekspertizasi natijalariga ko`ra, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan darhol jinoyat ishi qo`zg`atilib, voqeaga aloqador bo`lgan 2 nafar tezkor xodimlar hibsga olinganini Ombudsman ijobiy baholaydi, deb yozadi Ombudsman Axborot xizmati. 

"Aslida biz huquqlarimiz himoyachisi sifatida biladigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari orasida Bo`kadagi holat misolida qonunga xilof ish ko`ruvchi xodimlar borligi juda achinarli. Tizimda ishlovchi barcha xodimlar shunday degan fikrdan yiroqmiz, so`nggi yillarda qiynoqqa qarshi kurashish borasidagi islohotlarni e`tirof etishimiz lozim. Lekin, davlat siyosatiga qarshi turib, o`z xizmat faoliyatida ruhiy va jismoniy qiynoqqa yo`l qo`yayotgan “xodimlar” bor ekan, fuqarolarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga keladi.

Shu o`rinda aytish kerakki, qiynoq bu jamiyat tanasidagi kasallik. Uni davolash uchun avvalo shaffoflik ta`minlanishi kerak. Chunki aynan shaffoflik- qiynoqlarni barvaqt oldini olishning ta`sirchan vositalaridan biri. Mamlakatdagi ochiqlik siyosati sabab shu kabi og`riqli holatlar tilga olinib, unga jamoatchilik e`tibori qaratilmoqda.

To`g`ri qiynoq ko`plab rivojlangan davlatlarning ham global muammolaridan biridir. Qiynoq insonning fundamental huquqlarining buzilishi hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, qiynoq insonga uzoq muddatli psixologik ta`sirga ega bo`lgan, shaxs sifatida yo`q qilishga qaratilgan xatti-harakat sifatida baholanadi. Inson qadri tamoyili ustuvor bo`lgan O`zbekiston qiynoqqa qarshi kurashish bo`yicha o`zining mustahkam va keskin pozisiyasiga ega. So`nggi yillarda qiynoq holatlariga yo`l qo`ygan xodimlarga nisbatan jazo choralari og`irlashtirilib, hattoki, ularga nisbatan afv qo`llanilmasligi qat`iy belgilab qo`yildi.

Qolaversa, mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida qonunchilikka alohida moda kiritilgan va qiynoqni qo`llagan shaxsga nisbatan og`irlashtiruvchi normalar qo`llanilishi belgilangan. Jinoyat Kodeksining 235-moddasi qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g`ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo`llash uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi.

Yangilangan Konstitusiyamizda ham agar shaxsning o`z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo`lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu bilan qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillar ildizi qirqilmoqda.

Qiynoq holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish bo`yicha Ombudsman boshchiligida Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik guruhlari bilan birga penitensiar muassasalarga doimiy ravishda monitoring tashriflari amalga oshirilib, u erdagi sharoitlar tizimli ravishda o`rganilmoqda. U erda saqlanayotgan shaxslar orasida anonim so`rovnomalar o`tkazilmoqda. Mahkum va mahbuslar bilan holi tarzda suhbatlashib, qiynoqlar qo`llanilganiga oid murojaatlar kelib tushganda, holat darhol nazoratga olinmoqda. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qiynoq qo`llanilganiga oid xabarlar ham joyiga chiqib o`rganilib, qiynoq alomatlari mavjud bo`lgan hollarda ish ko`rib chiqish uchun prokuratura organlariga yuborilmoqda. Bo`kadagi holat ham Ombudsman nazoratida bo`ladi.

Gumonlanuvchi yoki ayblanuvchilar surishtiruv va tergov jarayonida kaltaklanib, vafot etishi mumkin emas. Kuch ishlatish uslubi dan foydalangan xodimlarni aniqlash va ularga qat`iy chora ko`rish, tizimdagi xodimlar malakasi va faoliyatini birma-bir tahlil qilish, zo`ravonlar va sustkashlardan voz kechish kerak. Zero, bugungi davlat siyosati inson qadrini ulug`lashga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan bu boradagi qadamlar izchil bo`lishi lozim. Biz aybdor shaxslarni qat`iy jazoga tortishga chaqiramiz" deyiladi munosabatda. 

 

    Boshqa yangiliklar