2023 yil 1 iyun kuni Samarqanddagi maktablardan birining 11-sinfini bitirayotgan Sh.Boborahimov, M.Saidalimov, O.O`tkirov va J.Eshnazarov sayr qilib yurishganda ko`p qavatli uyning 4-qavatida boshi panjara orasiga tiqilib, tanasi havoda osilib turgan kichkina qizchani ko`rib qolishadi. Bu haqda Samarqand IIB xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha o`quvchilardan biri derazadan tushib ketayotgan qizchani ko`rib, darhol qizaloqning ota-onasiga xabar berish uchun kvartira tomon yuguradi, qolganlari qizaloq osilib qolgan balkon ostida qo`llarini cho`zib, tirik qutqaruv panjarasini yasashadi.
O`rtoqlardan biri zinapoyadan yugurib chiqayotgan paytda, qizaloq pastga qulab tushadi. Yigitlar uni tutib olishadi. Aniqlanishicha, onasi uy ishlari bilan ovora bo`lgan paytda qizcha balkonga chiqib qolgan ekan.
“Samarqand viloyati IIB atrofida bo`layotgan shu kabi holatlarga befarq bo`lmagan yoshlarga minnatdorchilik bildiradi”, deyiladi xabarda.






