Toshkentning markaziy ko`chalaridan birida bo`lgan manzarali daraxtlar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan kesib tashlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishtcha, Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli ko`chasi 20-uyning qarama-qarshi tomonida noqonuniy ravishda 2 tup chinor (diametri 62,1 va 61 sm bo`lgan) daraxtlari tegishli ruxsatnomasiz Yakkasaroy tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tag qismidan kesib tashlagani aniqlandi.
Ushbu holatda O`zbekiston Respublikasi “O`simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to`g`risida”gi qonunning 37-moddasi talablari buzilgan bo`lib, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi 464-sonli qaroriga asosan o`simlik dunyosiga etkazilgan zarar hisoblanganida 191,4 mln so`mni tashkil etdi.
Shuningdek, xabarda holat yuzasidan to`plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun prokuratura organiga yuborilganligi aytib o`tilgan.






