Surxondaryo viloyatida xalqaro ahamiyatga ega ikkita trassani birlashtiruvchi va Toshkentga yuklar etkazilish vaqtini qisqartirishga xizmat qiluvchi yangi yo`l qurilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi yo`l M39 va M41 avtomagistrallarini qisqa masofada birlashtiradi.
OTB mablag`lari hisobidan Surxondaryo viloyatidagi 4R105 Darband—Boysun—Elbayon avtomobil yo`lining 5–70-kilometr (65 kilometr) qismini va 4R100 Mang`uzor—Jarqo`rg`on—Bandixon—Oltinsoy—Denov avtomobil yo`lining 128–174-kilometr (46 kilometr) qismini rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtomobil yo`lining umumiy uzunligi 111 kilometrni tashkil etadi.
Mazkur avtomobil yo`llarini rekonstruksiya qilinishi bilan Surxondaryo viloyati hududidan o`tuvchi xalqaro ahamiyatdagi M39 va M41 avtomagistrallari qisqa masofada birlashtirilib, Toshkent shahriga qatnovni amalga oshirayotgan xalqaro va mahalliy avtotashuvchilar uchun mavjud 298 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo`li 146 kilometr qisqartiriladi va natijada masofa 152 kilometrni tashkil etadi.






