“O`zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lish jarayonini jadallashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda "Huquqiy axborot" xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo`yicha idoralararo komissiyaning yangilangan tarkibi tasdiqlandi.
Qaror bilan Prezident Administrasiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo`yicha maxsus vakili lavozimi tashkil qilindi.
JSTga a`zo bo`lish jarayonini jadallashtirish, mas`ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta`minlash bo`yicha ishlarni muvofiqlashtirish maxsus vakilning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qarorga ko`ra:
- Adliya vazirligiga ma`muriy islohotlar doirasida milliy qonunchilikni JST bitimlariga uyg`unlashtirish funksiyasi yuklandi;
- Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi markaziy apparatida Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash va savdo muzokaralari departamenti tashkil etildi;
- O`zbekiston Respublikasining Jeneva shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bo`linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonasida JST masalalari bo`yicha birinchi kotib lavozimi kiritildi.
2023 yil 1 iyuldan JST qoida va me`yorlariga muvofiq bo`lmagan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish taqiqlanadi.
06.06.2023 10:57
Jahon savdo tashkiloti masalalari bo`yicha maxsus vakil lavozimi joriy qilindi






