Hafta davomida O`zbekiston hududi bo`yicha quruq va issiq ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Bu haqda "O`zgidromet" xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, resoublikaning barcha hududlarida 5-9 iyun kunlari havo biroz bulutli bo`ladi biroq yog`ingarchilik kutilmaydi. Haroratning asta-sekin ko`tarilishi davom etadi. Ish haftasining oxiriga kelib, kunduzi havo harorati 37-40 darajagacha, 5-6 iyunda esa respublikaning shimoliy hududlarida, 6-8 iyun kunlari janubda va cho`l hududlarida harorat 41-42 darajagagacha isishi kutilmoqda.
Respublikaning tog`li hududlarida ushbu haftada asosan yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`ladi, faqat Farg`ona vodiysi bilan chegaradosh ayrim tog`li hududlarda bugun kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqaldiroq bo`lishi mumkin.
Ma`lumot uchun, bunday harorat iyun oyining birinchi o`n kunligi uchun bo`lgan me`yoriy qiymatlardan 4-6 darajaga yuqoridir. Biroq ushbu davrda bundan ham yuqori harorat qiymatlari kuzatilgan. Jumladan, 2021 yil iyun oyining birinchi o`n kunligida respublika markaziy hududlari bo`yicha havo harorati 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho`l hududlarda esa 44-46 darajagacha ko`tarilgan.






