Andijonda o`zini ichki ishlar xodimi deb tanishtirib, fuqarodan pul talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, 19 may kuni ayol va erkak ijaraga olingan uyda uchrashishga kelishib olgan. Xonadonga erkak kishi etib kelgan vaqtida o`zini IIB xodimi sifatida tanishtirgan shaxs xonadonga bostirib kirgan hamda butun voqeani o`z telefoniga yozib olgan.
U jinoiy ish qo`zg`atish bilan tahdid qila boshlab, jabrlanuvchining yuziga urib, “Samsung Galaxy S20” rusumli telefonini tortib olgan.
Ertasi kuni "soxta" IIB xodimi jabrlanuvchi bilan uchrashib, undan 500 dollar talab qilgan, aks holda u videoni ijtimoiy tarmoqqa tarqatish bilan tahdid qilgan.
22 may kuni o`tkazilgan tezkor tadbirda u jabrlanuvchi erkakdan 3 million 200 ming so`m pulning bir qismini olayotgan vaqtida qo`lga olingan.
Shuningdek, u leytenant unvoniga ega ichki ishlar xodimining soxta guvohnomasidan foydalangan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. U 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.






