Joriy yil 1 iyun kuni Fanlar akademiyasida yangilangan va lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida ilk bor chop etilgan “O`zbek tilining izohli lug`ati”ning taqdimoti o`tkazildi.
Unda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti? Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, tilshunos olimlar va mutaxassislar, vazirlik va idoralarning Ma`naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari bo`yicha maslahatchilari, keng jamoatchilik, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“O`zbek tilining izohli lug`ati” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktyabrdagi PF–6084-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2020 – 2030 yillarda o`zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020 – 2022 yillarda amalga oshirish dasturiga asosan ilk bor lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida tayyorlangan va 6 jilddan iborat.
Izohli lug`at Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbek tilini rivojlantirish jamg`armasi, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda G`afur G`ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida tayyorlangan.
Izohli lug`atdan hozirgi o`zbek adabiy tilida keng iste`molda bo`lgan 80 mingdan ortiq so`z va so`z birikmalari, fan, texnika, san`at va madaniyat sohalariga oid terminlar, bir necha shevada qo`llanadigan so`zlar, ba`zi tarixiy va eskirgan atamalar o`rin olgan.
2020-yilda nashr etilgan “O`zbek tilining izohli lug`ati” kiril yozuvida 5 jilddan iborat bo`lgan bo`lsa, bu nashr 6 jilddan iborat va unga 5 000 ga yaqin yangi so`z kiritildi.
Izohli lug`atning dastlabki jildlarini tayyorlashda marhum olimlar – akademik Azim Hojiev, akademik To`ra Mirzaev, akademik Ernis Begmatov bevosita ishtirok etgan.
Shuningdek, ushbu loyihada filologiya fanlari doktori professorlar Nizomiddin Mahmudov (rahbar), Yorqin Odilov, Durdona Xudoyberganova hamda filologiya fanlari nomzodlari Abduvahob Madvaliev, Feruza Musaeva, shuningdek, tajribali muharrirlar, musahhihlar va boshqa mutaxassislar ishtirok etdi.
Barcha viloyatlarda izohli lug`atning taqdimot tadbirlarini o`tkazish reja qilingan.
Shuningdek, O`zbek tilini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan “O`zbek xalq so`zlari”, “O`zbek tilining katta imlo lug`ati”, “O`zbek tili frazeologik lug`ati”, “O`zbek tili sinonimlarining katta izohli lug`ati”, “O`zbek tilining o`quv imlo lug`ati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug`ati”, “O`zbek xalq paremalarining sinonimik izohli lug`ati”, “Nonvoychilik terminlarining izohli lug`ati” kitoblari ham tayyorlanib, chop etildi.






