Ijtimoiy tarmoqlarda "Toshkentda 9-qavatda yolg`iz qolgan 4-yashar bolani qutqarish uchun qutqaruv xizmati kelmadi" sarlavhasi ostida viderolik tarqaldi. Holat bo`yicha, FVV rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, bu voqea 23 may kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumani, Tuzel-1 massivida joylashgan ko`p qavatli uylardan birida sodir bo`lgan. Xonadonda kattalar nazoratisiz yolg`iz qolgan 4 yoshli bolaning yig`isini qo`shnilar eshitgan. Onasi kelguniga qadar qo`shnilar bolani tinchlantirib turishgan.
Hozirda qutqaruv guruhining murojaat kelib tushgan manzilga o`z vaqtida etib borishiga mas`ul bo`lgan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda. Tekshiruv Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig`i nazoratiga olindi. Aybdor xodimlar intizomiy javobgarlikka tortiladi.
Ma`lumot o`rnida shuni ta`kidlaymizki, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi navbatchilik bo`limiga har kuni turli vaziyatlarda qolgan va qutqaruvchilar yordamiga muhtoj bo`lgan fuqarolardan 400 dan 600 tagacha murojaat kelib tushadi. Qutqaruv guruhining ushbu qo`ng`iroqda aytilgan manzilga o`z vaqtida etib bormaganligi juda kam uchraydigan hodisadir.






