AsosiyJamiyat

Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga qo`shimcha vakolatlar berildi

'Ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlariga qo`shimcha vakolatlar berildi'ning rasmi

O`zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar sodir etgan aybdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Bu bo`yicha "Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi qonun Senatning qirq birinchi yalpi majlisida ko`rib chiqildi.

Unga ko`ra, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlariga MJtKda belgilangan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi 7 ta moddada nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi ishlar tegishliligi belgilanmoqda.

Ushbu ishlarni ko`rib chiqishga hamda jarima tariqasidagi ma`muriy jazo qo`llashga haqli bo`lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, Ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari nomidan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo`lgan ushbu organlar tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilanmoqda.

Shu bilan birga ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ba`zi huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma`muriy yo`l bilan ushlab turish vakolati berilmoqda.

Amaldagi tartibga ko`ra, epidemiyalarga qarshi kurashish, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to`kish bilan bog`liq ma`muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirishda patrul-post xizmati xodimlari uchun muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Endilikda, yuqoridagi holatlar yuzasidan ma`muriy huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, patrul-post xizmati bo`linmalarining mansabdor shaxslari ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi bayonnomani tuzishga haqli bo`ladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar