Bugun 1 iyun - yozning ilk kuni. Xo`sh, bugundan O`zbekiston qonunchiligida nimalar o`zgaradi?
Joriy yil 1 iyundan O`zbekistonda bir necha qonunlar kuchga kiradi. Xususan:
Chaqaloqlar uchun tug`ilganlik haqida guvohnoma tug`ruqxonaning o`zidan beriladi
Tibbiyot muassasalari tomonidan tug`ilganlik FHDYo bo`limlarida qayd qilinganligi haqida QR-kodli ma`lumotnoma beriladi va ushbu ma`lumotnoma gerbli guvohnomaga tenglashtiriladi.
Guvohnoma esa fuqarolarning istalgan vaqtdagi murojaatlariga asosan FHDYo bo`limlari tomonidan rasmiylashtirib beriladi.
“To`maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi
Yoshi 18 dan kichik va 30 dan katta bo`lmagan, umumiy o`rta yoki o`rta maxsus ma`lumotli, biriktirilgan hududda doimiy yashovchi hamda muloqotga kirishuvchan va tashkilotchilik qobiliyatiga ega xotin-qizlarni ko`ngilli asosda jalb qilish orqali “To`maris izdoshlari” jamoaviy guruhlari faoliyati tashkil etiladi.
Mazkur guruhlarning asosiy vazifalaridan biri o`rta, o`rta maxsus va professional ta`lim muassasalarida o`qiyotgan qizlarning xulq-atvoriga salbiy ta`sir ko`rsatayotgan hamda ularning huquq va manfaatlari buzilishi bilan bog`liq masalalarni aniqlashda ko`maklashish hisoblanadi.
“Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta`lim va innovasiyalar” milliy tanlovi o`tkaziladi
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan har yili:
- “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta`lim va innovasiyalar” milliy tanlovi o`tkazib boriladi;
- nogironligi bo`lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo`nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog`liq bo`lgan tashkilotlarda o`quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi.
Halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun bog`cha bepul bo`ladi
Qonunchilikka ko`ra, halok bo`lgan harbiy xizmatchining (xodimning) farzandlari maktabgacha ta`lim muassasalarida bepul tarbiyalanishi, shuningdek, professional va OTMda davlat granti asosida qo`shimcha kvotalar bo`yicha ta`lim olishi ta`minlanadi.
Ularning ota-onalariga yiliga 2 marta temir yo`l va havo yo`lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi.
Savdo qiluvchilar va xizmat ko`rsatuvchilar kunu tun ishlashiga ruxsat beriladi
Mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta`minlash, ushbu huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish, mulkiy munosabatlarga asossiz aralashuvga yo`l qo`ymaslik maqsadida quyidagilar bekor qilinadi:
- to`lov xizmatlarini ko`rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o`rtasida pul o`tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko`rsatilgan xizmatlar uchun elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etish va rasmiylashtirish tartibi;
- chakana savdo va xizmat ko`rsatish obektlarining faoliyat ko`rsatish vaqtiga nisbatan cheklovlar.






