AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vaziri O`zbekistondagi tug`uruq komplekslari faoliyatini tanqid qildi

'Sog`liqni saqlash vaziri O`zbekistondagi tug`uruq komplekslari faoliyatini tanqid qildi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan onalik va bolalikni muhofaza qilish yo`nalishida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning echimiga bag`ishlangan videomuloqot bo`lib o`tdi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligida tanqidiy va tahliliy ruhda kechgan mazkur tadbirda onalar va bolalar salomatligini asrash borasidagi muhim masalalar atroflicha muhokama etildi.

 Ma`lumki, bugungi kunda ushbu sohada yurtimizda Respublika perinatal markazi, Respublika skrining va reproduktiv salomatlik markazlari hamda ularning hududlardagi filiallari, Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, shahar va tumanlarda 400 dan ziyod tug`uruq va bolalar muassasalari xizmat ko`rsatib kelmoqda. 

 Vazir o`z ma`ruzasida so`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda aynan tug`uruq komplekslari faoliyati bo`yicha ko`plab salbiy fikrlar tarqalayotganiga urg`u berib, internet tarmog`i faollarining tizimdagi og`ir nuqtalarni ko`rsatib berayotgani uchun ularga minnatdorlik bildirdi.

— Davlatimiz tomonidan dori-darmon va sarflov materiallari uchun etarli miqdorda mablag` ajratilayotgan bir paytda nega homiladorlarga yoki uning qarindoshlari qo`liga dori-darmon ro`yxati yozib berilmoqda, deb o`zimizga savol berishimiz kerak. Tug`uruq kompleksi rahbarining o`zi korrupsiyaning tepasida bo`lsa, hammani bir ko`zda ko`rmasa, tanish-bilishchilik qilsa, unda nima bo`ladi, muassasada nosog`lom muhit shakllanib, jamoa parokandalikka uchraydi. Aksariyat muassasalar faoliyati yuzasidan kelib chiqqan shikoyatlarning negizida shu omillarni ko`ryapmiz, — dedi vazir o`z nutqida.

Shuningdek, muloqotda tug`uruqlarning aksariyati "kesarcha kesish" orqali amalga oshirilayotgani, bu operasiyalarni ayrim muassasalarda faqat bir mutaxassis o`tkazib, boshqa yosh va mahoratli shifokorlarga imkoniyat berilmasligi, bunga esa muassasa rahbarining aralashuvi sabab bo`layotgani keskin tanqid qilindi.

Onlayn yig`ilishda Qashqadaryo viloyati misolida aholi reproduktiv salomatligini mustahkamlash, barkamol avlodni voyaga etkazish, tug`ish yoshidagi ayollarni sog`lomlashtirish yo`nalishi bo`yicha o`tkazilgan o`rganish xulosasi muhokama qilinib, muammolar va ularning echimlari haqida so`z yuritildi.

 Videomuloqotda ko`tarilgan yana bir muhim yo`nalish — tibbiyotning barcha sohalari xodimlari uchun zarur bo`lgan etika-deontologiya masalalari bo`ldi. Bemor murojaat qilib kelganda “seni noto`g`ri davolabdi, xato operasiya qilibdi, endi men to`g`rilayman” degan nosog`lom qarash bilan kurashish zarurati haqida to`xtalib o`tildi.

 Jumladan, bemorlar va ularning qarindoshlari bilan muloqot qilishda xalqaro tajribada keng qo`llaniladigan “front-ofis” tushunchasi haqida so`z yuritildi. 

 Ya`ni, bunda muassasaning registratura va qabul bo`limlari xodimlari uchun kommunikativ standartlar, bemor holatining yomonlashuvi yoki yaqinlarining noroziligiga sabab bo`luvchi harakatlardan tiyilishda amal qilish lozim bo`lgan me`yorlar haqida ma`lumot berildi.

Yig`ilish yakunida faoliyati bo`yicha ko`p e`tiroz kelib tushayotgan muassasalar rahbarlari keskin tanqid qilinib, kamchilikka yo`l qo`ygan mas`ullar qat`iy ogohlantirildi.

 

    Boshqa yangiliklar