AsosiyJamiyat

Iyundan boshlab Toshkent va Nyachang shaharlari o`rtasida charter aviareyslar qatnovi yo`lga qo`yiladi

'Iyundan boshlab Toshkent va Nyachang shaharlari o`rtasida charter aviareyslar qatnovi yo`lga qo`yiladi'ning rasmi

Bugun, 29 may kuni O`zbekiston va Vetnam davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti o`tkazildi. 

Unda Madaniyat va turizm vazirligining mas`ul xodimlari ikki davlatning etakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari: jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov, Vetnamning “VinGroup” korporasiyasi vakili hamda Vetnamdagi yirik “VinPearl” mehmonxonalar tizimi rahbari Aleksandra Nguen xonim va “Amega Travel Vietnam” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sonya Nguen Thi Xuan xonimlar ishtirok etishdi.

Bugungi kunda O`zbekiston va Vetnam o`rtasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investision hamkorlik kengayib bormoqda. Jumladan, ikki davlatlar o`rtasida sayyohlar oqimi ham avvalgi yillarga nisbatan keskin ortdi. 2022-yilning yakunlariga ko`ra Vetnamdan O`zbekistonga 10 ming nafarga sayyohlar kirib kelgan.

Ma`lumot uchun, 2023-yilning 2-iyunidan boshlab O`zbekiston va Vetnamning Nyachang shaharlari o`rtasida doimiy to`g`ridan-to`g`ri aviareyslar qatnovi yo`lga qo`yilmoqda. Bu o`z navbatida ikki mamlakat turizm sohasida faoliyat ko`rsatayotgan tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va muhim qulayliklar yaratadi.

“Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Vetnamdan O`zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko`paytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. Jumladan, iyun oyidan boshlab poytaxtimiz Toshkent va Vetnamning Nyachang shaharlari o`rtasida to`g`ridan-to`g`ri aviareyslar ishga tushiriladi. O`tgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin o`zbekistonliklarning Vetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vetnamliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor ta`kidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada etarli tajribalar asosida faoliyat ko`rsatadi. Sababi biz O`zbekistonda ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Evropa davlatlariga birinchi marta to`g`ridan-to`g`ri aviareyslar qo`yib, sayohat uchun yo`l ochganmiz”, - deb ta`kidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

“Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targ`ib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini ko`paytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar e`tiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qo`l urishimiz uchun asosdir. Vetnamlik tadbirkorlarning Biz Vetnam davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go`zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo`lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda ko`rishdan mamnun bo`lamiz”, - deb aytib o`tdi ochiq muloqotda Madaniyat va turizm vazirligi departamenti rahbari Temur Majidov.

Turizmning O`zbekiston iqtisodiyotida tutgan o`rni jadal o`sib bormoqda. Buni joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2 mln. nafardan ortgani va turistik xizmatlar eksporti salkam 650 mln AQSh dollariga etganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda xorijdan O`zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar soni 7 mln nafardan ortishi kutilmoqda. Bunda Vetnam davlati bilan turizm sohasida olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik ham alohida o`rin tutadi.

Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga O`zbekistonda turizm yo`nalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma`lumot berildi.

Shundan so`ng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda o`zaro manfaatli kelishuvlarga erishish borasida muloqotga kirishdi.

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 5 mingga yaqin mehmonxonalar faoliyat ko`rsatmoqda, respublika bo`yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o`rinlar soni 100 mingdan ortdi.

Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qo`llab quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yo`nalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilmoqda. Bu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratilmoqda.

Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus ko`rsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan bo`lib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar O`zbekiston uchun yangi yo`nalishlarda aviareyslar qo`yilishida muhim tashabbuslar ko`rsatib kelinmoqda.

Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahriga ilk marta to`g`ridan-to`g`ri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga to`g`ridan-to`g`ri reyslar yo`lga qo`yilgan bo`lsa, shu yilning o`zida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yo`nalish ochildi. Bundan tashqari, 2022 yilning yozida Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga to`g`ridan-to`g`ri reyslar qo`yildi. Joriy yilning avvalida esa Chernogoriyaga to`g`ridan to`g`ri reyslar amalga oshirila boshlangan edi.

    Boshqa yangiliklar