O`zbekistonda 2023 yilning to`rt oyi davomida 2144 ta yo`l-transport hodisasida 499 nafar fuqaro vafot etgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi yig`ilishida ma`lum qilindi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda transport vositalari soni aholi jon boshiga ko`payishi va yirik shaharlarda yangi avtomobil yo`llarini qurish imkoniyati cheklangani, svetofor orqali transport oqimini boshqarishning yagona aqlli avtomatlashtirilgan tizimi to`liq joriy etilmagani sababli yo`llarda tirbandliklar vujudga kelmoqda.
Tahlillar davomida aniqlanishicha, avtomobil yo`llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularni saqlashda hamon bir qator qonunbuzilish holatlariga yo`l qo`yilmoqda.
“Yo`l harakati qoidalari aholi o`rtasida hanuzgacha ta`sirchan va samarali targ`ib qilinmaydi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan materiallar etarli darajada berilmayapti”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, tegishli oliy o`quv yurtlarini bitirgan bakalavr va magistrlarni yo`l harakati xavfsizligi xizmatiga ishga qabul qilishning zamonaviy, shaffof va samarali tizimi to`liq joriy etilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, qo`mita yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qator takliflarni ilgari surgan. Xususan, qaror hamda umummilliy dastur ijrosini ta`minlashda sustkashlikka yo`l qo`yayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mutasaddilari faoliyatiga baho berish masalasini ko`rib chiqish, qaror hamda umummilliy dastur ijrosini ta`minlash yuzasidan hududiy komissiyalar mas`uliyatini kuchaytirish, hududiy komissiyalar tomonidan har oyda yo`llarning holati va mavjud infratuzilma, avariya o`choqlari, qoidabuzarliklarning tahlilidan kelib chiqib, harakat xavfsizligi, transport va yo`l sohalariga mas`ul idoralar rahbarlari faoliyatini tanqidiy o`rganish, shuningdek, tegishli tahlillarning Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari muhokamasiga kiritilishi kabilar.
Muhokama yakunlari bo`yicha qo`mitaning tegishli qarori qabul qilingan.
Ma`lumot uchun, 2022 yilda O`zbekistonda 9902 ta yo`l-transport hodisasi sodir bo`lgan hamda ularda 9606 nafar fuqaro jarohatlangan va 2356 nafar fuqaro halok bo`lgan.






