Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Namanganda IIB xodimlari ikki nafar fuqaroning qo`liga kishan taqib, olib ketishayotgani aks etgan video tarqaldi.
Viloyat IIB holat yuzasidan ma`lumot berdi.
Aniqlanishicha, 27 may kuni soat 00:10 da tungi xizmatga jalb qilingan Uchqo`rg`on tumani IIB profilaktika inspektorlari tumandagi "Sanoat" MFY Chinor ko`chasida joylashgan kompyuter o`yinxonasini oldidan o`tib ketishayotgan vaqtda, ushbu joyda 10 nafardan oshiqroq fuqarolardan 2 nafari jamoat tartibini hamda fuqarolar tinchligini buzib, janjal ko`tarayotganlariga guvoh bo`lishgan.
Xodimlar tomonidan yigitlarni tartibga chaqirish maqsadida murojaat qilinganida, 1998 yilda tug`ilgan ikki yigit — B.I. va T.T.lar IIB xodimlarini qonuniy talablarini bajarmay, faol qarshilik ko`rsatib, huquqbuzarliklarini davom ettirishgan.
Shu sababli yigitlar qonuniy tartibda tuman IIBga olib kelinib, ularga nisbatan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organi xodimning qonuniy talabini bajarmaslik) bilan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Uchqo`rg`on tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.






