AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi 3-Katta Chilonzor mahallasiga bordi

'Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi 3-Katta Chilonzor mahallasiga bordi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi 3-Katta Chilonzor mahallasiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizda barcha dasturlar aholi ehtiyojidan kelib chiqib, manzilli amalga oshirilmoqda. Buning uchun “mahalladagi beshlik” tizimi joriy etilib, ularga keng imkoniyatlar berildi. “Xavfsiz mahalla”, “Xavfsiz ko`cha” konsepsiyalari hayotga tatbiq etilmoqda. Mahallalarning o`ziga mablag` yo`naltirilib, obod qilinmoqda.

Bu 3-Katta Chilonzor mahallasida ham yaqqol namoyon. Fuqarolar yig`ini binosi, 52 ta ko`p qavatli uy zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yo`llar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar o`yingohi va sayilgoh tashkil etilgan.

«Yashil makon» umummilliy loyihasiga muvofiq, bo`sh maydonlarga daraxt ko`chatlari, rayhon, namozshomgul kabi gullar ekildi, maysazorlar tashkil etildi. Mahalla hududidan o`tgan “Anhor” kanali bo`yida saylgoh, piyodalar va velosiped yo`laklari barpo etildi. Shuningdek, elektr podstansiyasi, transformator va past kuchlanishli kabellar yangilandi.

Prezidentimiz bu o`zgarishlarni ko`zdan kechirdi. Shu erda mahallalar faollari, nuroniylar bilan muloqot bo`ldi.

- Bilasizlar, hamma ishlarimizni mahallada amalga oshiryapmiz. Agar mahalla obod bo`lsa, oilalar tinch va daromadli bo`lsa, o`qish, izlanish, rivojlanish bo`ladi. Shu bois bu tizimga qo`shimcha vakolatlar berayapmiz. Bugun mahalla kambag`allikni qisqartirish, xotin-qizlar muammosini hal qilish, yoshlar tarbiyasida katta kuchga aylanmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoev.

 Aholi vakillari buni mahalla hayotida sezayotgani, yoshlarni o`qitish, ishga joylashtirish e`tiborda ekanini aytishdi. Chilonzordagi 55 ta mahallani obod qilish, ijtimoiy masalalarni hal qilishga 115 milliard so`m ajratilgani qayd etildi.

Bu yil Toshkent shahrining 585 ta mahallasiga 351 milliard so`m, shundan Chilonzordagi 55 ta mahallaga 35 milliard so`m yo`naltirilishi ma`lum qilindi.

Prezident bandlik masalasiga alohida e`tibor qaratdi.

- Xabaringiz bor, kambag`allikni qisqartirish va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha yangi tizim asosida ish boshladik. Bunda mahallalardagi ishsizlar salohiyatli tadbirkorlarga biriktiriladi. Chilonzor tumanida 10 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligini ta`minlashimiz kerak. O`ylaymanki, tadbirkorlar bu bo`yicha o`ziga mas`uliyat olib, nuroniylarimiz bosh-qosh bo`ladi, - dedi davlatimiz rahbari.

Uchrashuvda Prezident fuqarolar bilan ochiq, samimiy suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar