“Yoqilg`i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–77-son, 24.05.2023-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini to`liq joriy etish, yoqilg`i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berishning yangi tizimi yo`lga qo`yiladi.
2023 yil 1 sentyabrdan:
- aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog`liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko`rib chiqiladi;
- huquqbuzarliklar to`g`risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag`batlantiriladi;
- huquqbuzarlik to`g`risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so`roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqbuzarlik to`g`risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to`g`risidagi ma`lumotlarning oshkor etilishiga yo`l qo`yilmaydi.
Qonun buzilishi aniqlanganda, prokuratura organlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarga qonun buzilishini zudlik bilan bartaraf etish to`g`risida talabnoma kiritiladi.
Shuningdek, O`zenergoinspeksiya faoliyatiga “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024 yil 1 martgacha tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatida, 2024-yil
1 oktyabrgacha to`liq versiyasi joriy etiladi.






