Toshkent shahrida 24 may kuni trenerlarga mo`ljallangan "Ilmiy isbotlarga asoslangan antenatal parvarish" nomli birinchi trening yakunlandi. Mazkur tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bazasida o`tkazildi.
Treningning o`ziga xosligi — uning birinchi bo`g`in, ya`ni poliklinika, ambulatoriyalar mutaxassislariga yo`naltirilganligidadir.
Bunda 9 kun davomida shifokorlar teoretik bilimlar oldi, keyin esa yana 4 kun o`z dars berish ko`nikmalarini charxladi.
Keyin esa sertifikatga ega bo`lgan mutaxassislar o`z hududlarida o`qitiladigan kurslarga trener sifatida dars o`tishga jalb etiladi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va YuNFPA ko`magida o`tkazilayotgan loyiha 1,5 yilga mo`ljallangan.
Agar avvallari Respublika miqyosidagi markazlar birlamchi bo`g`in mutaxassislarining malakasini oshirish bilan kam shug`ullangan bo`lsa, bugun ushbu holat keskin o`zgaradi. So`ngi paytlarda qabul qilinayotgan tegishli Prezident qarorlari va farmonlari mana shunga yo`naltirilgan.
Respublikaning barcha hududlaridan 37 nafar oilaviy shifokorlar va akusher-ginekolog shifokorlar trenerlar uchun trening (TOT) birinchi ishtirokchilari bo`ldi. Ular poliklinikada ishlay turib, tug`ishgacha parvarish ishlarini olib boradi.
Tayyorlangan trenerlarning 2,5 yil davomida birlamchi tibbiyot-sanitar xizmatlarining 40 ming tibbiyot xodimlarini o`qitilishini qamrab olishi rejalashtirilgan. Shu tufayli Respublika akusherlik va ginekologiya markazida bu yo`nalishdagi trenerlarni tayyorlash uchun keyingi treninglarni o`tkazish rejalashtirilyapti.
Bo`lajak trenerlar antenatal parvarish (tug`ishgacha yordam) bo`yicha JSTning oxirgi tavsiyalariga muvofiq ilmiy isbotlarga asoslangan bilim oladi va ko`nikmalarini oshiradi. Bu homilador ayol tibbiy xizmatning tashkillashtirilgan tizimidan oladigan bir butun tibbiy xizmatlar majmuasidir.
Yaxshi tashkil etilgan antenatal parvarish homilaning, yangi tug`ilgan chaqaloqning yoki onaning salomatligiga xavf solishi mumkin bo`lgan holatlarni o`z vaqtida aniqlashi va ogohlantirish kerak bo`ladi. Uning, shuningdek ayolda homiladorlik va tug`ishga nisbatan pozitiv kayfiyat shakllanishiga yordam ko`rsatilishi ham ko`zda tutilgan.
Tug`ishgacha bo`lgan parvarishni bajaradigan shifokorlar vazifasiga homiladorlar ayollarga, hamda ularga yordam ko`rsatadiganlarga bilim berish, ularni o`qitish ham kiradi.
Mutaxassislar shuni tushunishlari kerakki, tug`ishgacha parvarishning har qanaqangi yangi elementlari va sxemalari faqat ilmiy baholar asosida qo`llanilishi kerak. Foydasi isbotlanmagan muolajalar va harakatlarni qo`llamaslik, tavsiya qilmaslik kerak.
Tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, yaxshi tashkil etilgan, ilmiy isbotlarga asoslangan tug`ishgacha parvarish onaning ham, bolaning ham salomatligida paydo bo`lishi mumkin bo`lgan muammoning oldini olish imkonini beradi.






