AsosiyJamiyat

O`zbekistonda nosvoy kashandalari 2,47 mln nafarni tashkil etadi

'O`zbekistonda nosvoy kashandalari 2,47 mln nafarni tashkil etadi'ning rasmi

Kuni kecha poytaxtimizda chekishga qarshi kurashish doirasida tamaki, jumladan, nosvoyning zararini kamaytirish muammosiga bag`ishlangan ilmiy anjuman bo`lib o`tdi.  O`zbekiston, Belarus hamda Buyuk Britaniyalik ekspert mutaxassislar, shifokorlar, davlat va biznes vakillari muhokamalarda ishtirok etdilar.

Konferensiyada an`anaviy peroral tamaki mahsulotlaridan foydalanish bilan bog`liq masalalar muhokama etildi. O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vazirligining Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi sohasidagi tadqiqotlarni strategik rivojlantirish Xalqaro markazi tomonidan o`tkazilgan tadqiqot xulosalari asosiy natija sifatida taqdim etildi. “O`zbekistonning ayrim mintaqalarida nosvoyni etishtirish, iste`mol qilish hamda savdo-sotig`ining hozirgi holatining tahlili” deb nomlangan ushbu tadqiqot quyidagi natijalarni taqdim etdi:

  • Nosvoy ishlab chiqaruvchilarning taxminan 50% bir kilogramm mahsulotni 15 000 so`mdan 20 000 so`mgacha narxda sotadi.
  • So`rovnomada qatnashgan ishlab chiqaruvchilarning 40% da bir kilogramm nosvoyning narxi 50 000 so`mni tashkil etadi.
  • So`rovnomadan o`tgan oilalarning 22% nosvoy sotishdan o`rtacha yillik daromadi 10 million so`mdan kam bo`lsa, bunda 20% oilalarning daromadi 10 million so`mdan 20 million so`mgacha miqdorda o`zgarib turadi.

Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan nosvoylarning aksariyati laboratoriya tekshiruvlaridan o`tkazilmaydi va muvofiqlik sertifikatiga ega emas. So`rovnomadan o`tganlarning 10% ning aytishiga ko`ra, ularning mahsulotlari laboratoriya tahlilidan o`tkaziladi, ammo respondentlarning 90% bunday tahlil o`tkazilmasligini ta`kidlaydilar.

O`zbekiston oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi sohasidagi tadqiqotlarni strategik rivojlantirish Xalqaro markazi bo`lim boshlig`i Abduxoliq Muxtorovning so`zlariga ko`ra, tadqiqotlar ko`plab xulosalar chiqarishga yordam berdi. Uning ta`kidlashicha, tartibga solish mexanizmlarini joriy etish va nosvoy ishlab chiqarishni lisenziyalash zarurdir. Shuningdek, nosvoy ayniqsa qishloq joylarda keng tarqalgan, zero ushbu mahsulot sigaretga nisbatan arzon va hamyonbop hisoblanishi ham qayd etildi. Bundan tashqari, O`zbekistonda nosvoy iste`molchilari soni 2,47 million kishini tashkil etishi aytib o`tildi.

Konferensiya ishtirokchilari tamaki mahsulotlarini lisenziyalashni joriy etish hamda ushbu mahsulotlarning xavfsizlik parametrlarini belgilab beruvchi davlat standartini ishlab chiqish zarurligini ta`kidladilar. Mazkur yondashuv davlat tamaki va nikotinli tarkibga ega mahsulotlarga nisbatan qo`llaniladigan yondashuvga aynan o`xshaydi.

Konferensiya qatnashchilari O`zbekistonda ishlab chiqarilayotgan nosvoyning sifati va xavfsizligi borasida ham o`z xavotirlarini izxor etdilar. Shu munosabat bilan mahsulot sifatini baholash hamda tegishli sertifikatlar olish uchun laboratoriya tadqiqotlari o`tkazish zarurligi qayd etildi. 

 

 

 

    Boshqa yangiliklar