Prezident Shavkat Mirziyoev ijtimoiy muassasalar va davlat idoralarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish holati bo`yicha taqdimot bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan bu boradagi ishlarni jadallashtirish bo`yicha dastur qabul qilingan edi. Unga ko`ra, joriy yilda ijtimoiy soha va davlat idoralarida 220 megavatt quvvatli quyosh panellari o`rnatish ko`zda tutilgan.
Yig`ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning ijrosi yuzasidan axborot berdi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda 107 megavatt quyosh panellari o`rnatilgan. Yirik davlat kompaniyalarida ish yaxshi ketmoqda. Lekin ijtimoiy muassasalarda natijalar hali etarli emas.
Masalan, oliy o`quv yurti binolarida 36 foiz, maktablarda 33 foiz, tibbiyot muassasalarida 28 foiz panellar o`rnatilgan. Hududlar bo`yicha olganda, respublikada bu ko`rsatkich qariyb 50 foizga etgan. Ammo Toshkent shahrida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini o`rnatish darajasi rejaga nisbatan 26 foizni tashkil etmoqda.
Davlatimiz rahbari bu borada hali imkoniyatlar ko`pligini ta`kidlab, ishlarni jadallashtirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Joriy yilda 2 ming megavatt quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, yaqinda O`zbekiston Prezidentining Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 4,4 milliard dollarlik, jami quvvati 4,8 gigavattga teng 11 ta quyosh va shamol stansiyalarini qurish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Yig`ilishda mazkur kelishuvlar ijrosini tashkil etish masalalariga ham to`xtalib o`tildi.






