AsosiyJamiyat

Uchta davlat mutaxassislari Ustyurt platosida bioxilma-xillikni saqlash bo`yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar

'Uchta davlat mutaxassislari Ustyurt platosida bioxilma-xillikni saqlash bo`yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi, Qozog`iston Respublikasi Ekologiya va tabiat resurslari vazirligi hamda Turkmaniston Qishloq xo`jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi vakillari o`rtasida uchrashuv o`tkazildi.  

Nukus shahridagi uchrashuvda  BMTning ko`chib yuruvchi turlar to`g`risidagi konvensiyasi (BMT CMS)ning Markaziy Osiyo sutemizuvchilar tashabbusi (CAMI) tomonidan belgilangan transchegaraviy faol nuqta bo`lgan Ustyurt platosi bo`yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.  

Shuningdek, tadbirda O`zbekiston Zoologiya instituti tomonidan Qozog`iston va O`zbekiston chegarasidagi to`siq bo`ylab ko`chib yuruvchi turlarga oid so`nggi ma`lumotlar taqdim etildi.

Monitoring GIZning Orolbo`yi mintaqasida ekologik yo`naltirilgan hududlarni rivojlantirish loyihasi va Maykl Sukkov jamg`armasi ko`magida yangi joriy etilgan SMART monitoring va patrul xizmati tizimi doirasida amalga oshirildi.  

Aytish joizki, chegaralar bo`ylab o`rnatilgan kamera qopqonlari chegara atrofida yovvoyi hayvonlarning ko`pligini ko`rsatdi.

Bundan tashqari, qozog`istonlik ishtirokchilar Janubiy Ustyurt davlat qo`riqxonasining O`zbekiston va Turkmaniston chegaralariga tutashgan yangi klaster uchastkasi loyihasini taqdim etdilar.

Ishtirokchilar uchta muhofaza etiladigan tabiiy hududlar o`rtasidagi yaqin hamkorlikni muhokama qildilar, transchegaraviy muhofaza etiladigan hududni yaratish imkoniyatlarini ko`rib chiqdilar.  

Qolaversa, Turkmaniston vakillari Qaplankir qo`riqxonasi monitoringi ma`lumotlarini taqdim etish barobarida, kelgusi muhokamalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo sutemizuvchilarni himoya qilish va ularning tabiiy migrasiyasini ta`minlash bo`yicha BMT CMS va CAMI Harakat rejasi doirasidagi davlatlar tomonidan qabul qilingan majburiyatlar tasdiqlandi.

Ushbu tadbir Sudoche-Akpetki davlat qo`riqxonasining Sudoche ko`liga va Orol dengiziga sayohat bilan yakunlandi.  

Ma`lumot uchun, ekskursiyadan ko`zlangan maqsad O`zbekistondagi qo`riqlanadigan hududlar faoliyati bilan bevosita tanishishdan iborat.

    Boshqa yangiliklar