Kecha, 20 may kuni "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Misr hukumati tomonidan mamlakatimizga insonparvarlik yordam sifatida ajratilgan S gepatitiga qarshi "Daklatasvir" dori vositasining to`rtinchi turkumini Sharm ash-Shayxdan Toshkentga bepul etkazib berdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar bermoqda.
Mazkur aksiya O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekistonning Qohiradagi elchixonasi va "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirildi.
Umumiy qiymati 34 930 AQSh dollarini tashkil etgan 17 mingdan ortiq "Daklatasvir" dori vositalari O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti tomonidan shifotalab bemorlar o`rtasiga taqsimlanadi.
Ma`lumot o`rnida, Misr sog`liqni saqlash vazirligi bilan 2023-2024 yillar davomida umumiy qiymati 4,8 million dollarlik jami 800 ming dona (40 tonnaga yaqin) S gepatitiga qarshi "Daklatasvir" va "Sofosbuvir" dori vositalarini O`zbekistonga bepul etkazib berish bo`yicha kelishuvlarga erishilgan.






